98 yoshli urush qatnashchisini shashka bahsida harbiylar magʻlub etolmadi

12:07 03 Yanvar 2025 Jamiyat
409 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ikkinchi jahon urushi buxorolik 27 ming nafardan ziyod jangchining umriga zomin boʻldi. 28 ming nafardan koʻproq kishi jahannam ogʻzidan sogʻ-omon qolib, yurtiga qaytdi. Buxoro shahrida istiqomat qilayotgan Norboy Qarshiyev ana shularning biri.

— Urushni hech eslagim kelmaydi, — deydi 98 yoshli otaxon. — Ammo gʻalaba kuni kechagidek yodimda. Oʻsha kuni Berlinda oʻng qoʻlimdan qattiq jarohat olganman. Lekin gʻalaba quvonchi bois ogʻriqlarni bir muddat sezmaganman. Shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga shukr. Yurtimiz tinch, bozorlarimiz toʻkin. Yoshlarimiz farovon, tinch-osoyishta kunlar qadriga yetishsin, deyman.

Farzand-u nevaralari ardogʻida boʻlgan otaxonni soʻroqlab keluvchilar koʻp. Kuni kecha ular qatorida Qorakoʻl tumanida joylashgan harbiy qism komandiri, podpolkovnik B. Tangriyev, qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor J. Tillaboyev qoʻshildi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 33-yilligi munosabati bilan uyushtirilgan uchrashuvda otaxon bilan dildan suhbat qurildi. Muloqotda ota-bobolarimiz jasorati, mustaqillik inʼom etgan imkoniyatlar haqida soʻz bordi. Eʼtiborlisi, salkam bir asr ostonasida turgan Norboy ota harbiylar bilan shashka oʻynash istagini bildirdi. Qizigʻi, xotirasi oʻtkir, fikri tiniq otaxonni shashka bahsida yengish imkoni topilmadi. Bahsda tomonlar murosa koʻchasini tanlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?