40 turdagi dori-darmonlar, 10 turdagi antiseptik vositalar aholiga tekin beriladi

17:11 27 Sentyabr 2021 Jamiyat
1580 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (DTSJ) Sirdaryo viloyatining Sardoba va Oqoltin tumanlarida OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etdi.

Tadbirda OAV vakillari tumanlardagi oilaviy shifoxonalarda tibbiy sugʻurta xizmatini joriy qilinishi va natijalar bilan yaqindan tanishdi.

Endilikda Davlat birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini byudjetdan aholi jon boshiga moliyalashtiradi. Ushbu mablagʻ kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatishga yoʻnaltiriladi. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali, ularni moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizidan kam boʻlmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi.

Qayd etish kerakki, majburiy tibbiy sugʻurta tufayli shifoxonalarning moddiy ahvoli yaxshilanib, xodimlar maoshi oshadi. Shifokor ham bemorning sogʻligʻiga qaygʻuradi, uning choʻntagiga emas. Shu tariqa shifokor uchun boy va kambagʻalning ahamiyati yoʻqoladi. Shuningdek, tibbiyot muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat kuchayadi. Bunda ular koʻproq bemorlarga xizmat koʻrsatish uchun sifatni oshirishga, moddiy-texnik bazani yaxshilash, malakali kadrlarni jalb qilishga harakat qiladi.

Fuqarolarni davlat tomonidan tibbiy sugʻurtalash masalasi Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrda qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topgan.

OAV vakillari Sardoba tumanidagi 22-oilaviy poliklinikada tibbiy sugʻurta tizimini joriy etilishi bilan tanishdilar.

— Sogʻliqni saqlash tizimida koʻplab yangiliklar yuz bermoqda, — deydi mazkur poliklinikaning oilaviy shifokori Nazira Haydarova. — Jumladan, tizimga tibbiy sugʻurta xizmatini yoʻlga qoʻyilishi orqali koʻrsatiladigan xizmatlar sifati yanada oshadi. Zero, bunda har bir fuqaro kafolatlangan paketga ega boʻladi. Bu esa dori-darmonlar olish, turli tekshiruvlardan tekin oʻtish va yetakchi mutaxassislar koʻmagidan rejali foydalanish imkonini beradi.

Aslida ham sogʻliqni saqlash tizimida tibbiy sugʻurtani tatbiq etishning oʻziga xos talablari bor. Ana shunday talab asosida Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinika filialida ham qator ishlar bajarilmoqda. Bu boradagi xizmatlar “Yangi Toshkent” mahallasi aholisiga ham manzur boʻlmoqda.

— Qon bosimim tez-tez koʻtariladi, — deydi ushbu mahallada yashovchi Odina Nurmatova. — Hamshiralarni tez-tez chaqirib turaman. Kelganimda qon bosimini tushiradigan dori-darmonlar berishadi. Oldinlari dorilar, shprislarni oʻzimiz bilan olib kelardik. Hozir barchasini oʻzlaridan tekinga berishyapti.

— Sohaga tegishli qaror bilan joriy yilning 1-iyunidan sinov-tajriba doirasida tibbiy sugʻurta shakliga oʻtdik, — deydi oilaviy shifokor Nilufar Abdulahatova. — Unga koʻra, uch nafar hamshira, bitta doya va oilaviy shifokordan iborat brigada shakllantirdik. Eng avvalo, aholini roʻyxatini shakllantirdik. Xatlov natijasida aholi 4 xavf guruhiga ajratildi. Albatta, aholining qaysi qismi koʻproq qaysi turdagi kasallikdan aziyat chekayotgani yoki moyilligi borligi aniqlansa, ularni tezroq davolashda ham oʻziga xos tarzda ijobiy taʼsir qiladi.

Shundan soʻng OAV vakillari Guliston shahridagi 4-oilaviy poliklinikada amalga oshirilayotgan tajriba-sinov ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Ushbu tibbiyot maskaniga 13 mingdan ortiq aholi biriktirilgan boʻlib, xatlov natijalari asosida elektron baza shakllantirilmoqda.

— Bizda aholiga xizmat koʻrsatishni yanada yaxshilash maqsadida tibbiy brigadalar tashkil etildi, — deydi 4-oilaviy poliklinikaning amaliyot hamshirasi Nargiza Primqulova. — Ularning bir qismi uyma-uy yurib aholining savollariga javob berib, oilaviy shifokor koʻrigiga borishini taʼminlaydi. Bitta amaliyot hamshirasi kelgan bemorlarni qabul qilib, sogʻligʻini, qon bosimini tekshirib, tegishli maslahatlarni beradi. Agar zarurat boʻlsa, davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tekin tarqatayotgan 40 turdagi dori-darmon, 10 turdagi antiseptik vositalar va 16 turdagi stomatologiya uchun kerakli sarflov materiallari koʻmagidan bemorlarga yordam beramiz. Endi bemorlar shifokorning koʻrigidan keyin dori qidirib yurmaydi. Oʻzimizda mavjud dorilarni muolaja xonasida olishadi.

Sirdaryoda ana shu tariqa poliklinikalarda kafolatlangan tibbiy xizmatlarni amalga oshirilishi boshlandi. Bunda oʻzi yashayotgan hududdagi poliklinikaga kelgan har bir fuqaro vrach maslahati, profilaktik koʻriklar, skrining tekshiruvlari, laboratoriya tekshiruvlari va davolash ishlarini oʻzida jamlagan kafolatlangan paketga ega boʻladi. Ushbu xizmatlar bepul amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?