2025-yildan kambagʻal oila farzandlarining bogʻcha toʻlovlari qisman qoplab beriladi

18:31 14 Dekabr 2024 Jamiyat
300 0

Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar yangi Oʻzbekistonimizni “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida barpo etish yoʻlidagi mustahkam huquqiy qoʻrgʻon boʻldi. Prezident bu yil ijtimoiy himoya boʻyicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qoʻshimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusida 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.

Albatta, bu yangi tizim jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini taʼminlashga xizmat qiladi. Faqat ijtimoiy xizmat adolatli yoʻlga qoʻyilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda oʻz oʻrnini topadi.

Joriy yilda Qoraqalpogʻistonda “Ayollar daftari” doirasida qariyb 8,7 mingta oilaga 8,1 milliard soʻmlik davlat koʻmagi koʻrsatilgan. Xususan, boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlardan 7427 nafariga 8,9 milliard, ijtimoiy yordamga muhtoj birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan 9756 nafariga 11, 7 milliard, qaramogʻida nogiron farzandi boʻlgan xotin-qizlarning 3069 nafariga 3, 9 mlrd soʻm moddiy yordam ajratilgan. Ogʻir turmush sharoitida yashovchi 1116 nafar xotin-qizlarning uy-joylari taʼmirlanib ijara kompensatsiyasi toʻlab berilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 32 820 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan.

Bugun shahar-u tumanlar, olis ovul va qishloqlarga kirib borsangiz, ijtimoiy yordam va koʻmakning ehtiyojmand ayollar, onalar va bolalar, oilalar hayotida qanday oʻzgarishlar yasaganini koʻrasiz. Ular ertangi kunga umid bilan boqib, yangi orzu-maqsadlarga intilmoqda. Kechagina oʻzi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” roʻyxatida turganlar bugun ish beruvchiga aylangan.

Davlatimiz rahbari 2025-yilda kambagʻallik yuqori boʻlgan 1 mingta mahallada yana bittadan oilaviy bogʻcha faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarining 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinishi va bogʻcha toʻlovi qisman qoplab berilishi xususidagi takliflari ehtiyojmand oilalarga katta imkoniyat yaratdi. Saylovchilarimiz orasida boʻlganimizda elektoratimiz vakillari tomonidan farzandlarini bogʻchaga joylashtirish yoki toʻlovlari borasidagi muammolar yuzasidan qancha murojaatlar boʻlgandi. Masalaning bu tarzda hal etilishi aynan, shunday oilalar manfaatiga xizmat qiladi.

Videoselektorda ilgari surgan yana bir eng muhim tashabbus bu – “ijtimoiy karta” joriy etish masalasi boʻldi. Shu kungacha fuqarolarimiz ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni koʻtarib yurgan boʻlsa, endilikda ularning oʻrnini bosadigan bitta “ijtimoiy karta” joriy etiladi. Bundan tashqari, shu ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi.

Bundan tashqari, bugungi kunda kambagʻal oilalardagi nogironligi bor insonlarga ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab kelayotgani ayni haqiqat. Kelgusi yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida nogironlarni oʻz uyida va kunduzgi qatnov asosida qarab turish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yaqiniga qarab turgan aholining ishlashiga sharoit yaratilishi, shuningdek, bunday xizmatni koʻrsatgan xususiy sektorga kambagʻal oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi. Bu oilaning ham moddiy, ham ruhiy-maʼnaviy barqarorligiga xizmat qiladi.

Yana bir masala – ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechilib, ularga oʻzini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olib, xarajati qoplab berilishidir. Bu ularning yaqin qarindoshlaridan uzoqlashmagan holda yashashlari uchun imkoniyat yaratadi. Bu milliy va oilaviy urf-odatlar, qadriyatlar, qarindoshlik munosabatlarining bardavom boʻlishiga xizmat qiladi.

Nazira MATYAQUBOVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер