2023 yilning “Eng yaxshi notariusi” va Eng yaxshi Notarial palata xodimi” aniqlandi

18:31 05 Dekabr 2023 Jamiyat
688 0

Foto: Oʻzbekiston Notarial palatasi axborot xizmati

Bugun, 5 dekabr kuni Oʻzbekiston Notarial palatasida har yili Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun arafasida oʻtkazilishi anʼanaga aylangan ikki bosqichli “Yilning eng yaxshi notariusi” va “Yilning eng yaxshi Notarial palata xodimi” tanlovlarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tanlov notariuslar va palata xodimlarining kasbiy madaniyati va bilimini oshirish, bayram arafasida faol va bilimli notarius va xodimlarni ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazib kelinmoqda.

“Yilning eng yaxshi notariusi” va “Yilning eng yaxshi Notarial palata xodimi” koʻrik-tanlovlarining hududiy bosqichlari joylarda joriy yilning 16 — 25-noyabr kunlari oʻtkazilgandi.

Tanlov ishtirokchilari yakuniy bosqichning 1-shartida hakamlar hayʼatiga oʻz faoliyati haqidagi uch daqiqalik videoroliklar taqdim etdi. Ikkinchi shart Konstitutsiya hamda notariat sohasiga oid savol-javoblar boʻlib, unda notariuslarning hozirjavobligiga eʼtibor qaratildi.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kelasi yilning yanvar oyida 4 yoshga toʻladi. Bugungi kunda Palataga aʼzo boʻlgan xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar soni 1000 nafarga yaqinlashib qoldi.

Foto: Oʻzbekiston Notarial palatasi axborot xizmati

Palata raisi Dilshod Ashurov tadbirda faol va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan notariuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, qonun va normalarga rioya etgan holda aholiga yuksak saviyada huquqiy xizmat koʻrsatayotgan notariuslarni ragʻbatlantirib borish, notariat sohasida Oʻzbekiston amaliyotini xorijga olib chiqish orqali mamlakat nufuzi yaxshilanishiga hissa qoʻshish Palataning oʻz oldiga qoʻygan maqsadlaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Qayd etish joizki, notariuslar ushbu tanlovga katta tayyorgarlik, koʻtarinki ruh bilan ishtirok etmoqdalar.

Adliya vazirligi xodimi Oʻtkir Toʻychiyev, Yuristlar malakasini oshirish markazi oʻqituvchisi Sevara Maripova, Palata rahbariyati va masʼul xodimlaridan iborat hakamlar hayʼati tanlovning xolis va shaffof olib borilishiga eʼtibor qaratdilar.

Yakunda Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumanida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Nargis Meyliyeva birinchi, Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Bekzod Gʻafforov ikkinchi, Jizzax viloyati Jizzax shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Shohrux Xudoyboqov uchinchi oʻringa munosib deb topildilar. Ularga Palataning diplomlari va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

“Eng yaxshi Notarial palata xodimi” tanlovida Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi maslahatchisi Zafar Joʻrayev birinchi, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh maslahatchisi Zulfiya Osmanova ikkinchi, Fargʻona viloyat hududiy boshqarmasi maslahatchisi Furqat Akmaliddinov uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarga diplomlar taqdim etildi va munosib moliyaviy ragʻbatlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?