2021/2022 oʻquv yilida yuridik texnikumlarga 3 180 nafar kishi qabul qilinadi
Mamlakatimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida ilgʻor va xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va mustahkamlash ularni hayotda oʻz oʻrinlarini topishga keng imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan 21-iyun kuni AOKA anjumanlar zalida «Adliya vazirligi yuridik texnikumlari 2021/2022 oʻquv yili qabul jarayoni» mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 13-apreldagi qarori bilan Adliya vazirligi tuzilmasida har bir hududda bittadan — 14 ta yuridik texnikum tashkil etilgan edi.
Bugungi kunda yuridik texnikumlarda jami 5 042 nafar oʻquvchi (shundan, 3 081 nafar 1-kursda, 1 961 nafari – 2-kursda) taʼlim olib, oʻquvchilarga 218 nafar pedagog xodimlar tomonidan dars mashgʻulotlari oʻtib kelinmoqda.
Yuridik texnikumlarga qabulni amalga oshirish
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yuridik texnikumlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi oʻrinlarda — Davlat test markazi) tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali amalga oshiriladi.
Joriy yilda yuridik texnikumlarga jami 3 180 nafar talaba oʻqishga qabul qilinadi. Shundan 1 950 nafari uchun kunduzgi, 1 230 nafari uchun esa sirtqi taʼlim shakli tashkil etilishi rejalashtirilgan.
2021/2022 oʻquv yili uchun texnikumlarga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish 2021-yil 1-avgustdan 20-avgustga qadar (20-avgust kuni ham) amalga oshiriladi. Bunda hujjatlar davlat xizmatlari markazlari, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (www.my.gov.uz) yoki Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (www.dtm.uz) orqali qabul qilinadi.
Oʻquv jarayonni muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil
10-iyundagi «Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, yuridik texnikumlarda Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System – ECTS) toʻliq joriy etilishi belgilangan.
Shunga koʻra, yangi oʻquv yili uchun “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlari qayta ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi nazarda tutilmoqda.
TDYUU tomonidan yuridik texnikumlar uchun jami 22 nomidagi yangi avlod darsliklar yaratildi hamda ularning elektron variantlari texnikumlarga yetkazib berildi.
Oʻquv jarayoni va oʻquvchilarni bilimini baholashda shaffoflikni taʼminlash, oʻquvchilar bilimini nazorat qilish va baholash jarayonini raqamlashtirish maqsadida oʻquvchilarni bilimini baholashni elektron tizimi(SRS – Student Resords System) joriy qilindi.
Pedagoglarning oʻquvchilar bilan muloqoti hamda oʻquvchilarning oʻzaro muloqotini oʻz ichiga oluvchi xodimlar va oʻquvchilar uchun ichki axborot-kommunikatsiya vosita va resurslarini tashkil etish maqsadida “Elektron yuridik texnikum” innovatsion elektron platformasi konsepsiyasi va texnik talablari ishlab chiqildi hamda ushbu platformani yaratish boʻyicha ishlar boshlandi.
Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash
Yuridik texnikum bitiruvchilariga davlat taʼlim standartlariga muvofiq oʻrta maxsus professional taʼlimdagi yoʻnalishlar, kasblar va mutaxassisliklar boʻyicha malaka darajasi koʻrsatilgan holda, oʻrta maxsus professional taʼlim toʻgʻrisida davlat namunasidagi diplom beriladi.
Yuridik texnikumni tamomlagan oʻquvchi respublika miqyosida malaka talablariga binoan oʻrta maxsus yuridik maʼlumot zarurati mavjud boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan:
▫️Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining hududiy tuzilmalari;
▫️Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy organlari;
▫️ notarial idoralar, advokatlik tuzilmalari va shu kabi qator idoralarning umumiy shtat birliklari soni doirasida vakant lavozimlarga ishga kirish boʻyicha tanlovda belgilangan tartibda ishtirok etish mumkin.
Yuridik texnikum bitiruvchilari egallashi mumkin boʻlgan lavozimlar soni 90 dan ortiqni tashkil etadi. Ushbu lavozimlar bilan Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi www.lex.uz da tanishish mumkin.
2019/2020 oʻquv yilida yuridik texnikumlarini (sobiq yuridik kollejlarni) 4364 nafar talaba bitirgan. Shundan, 1542 nafar (35,3%)bitiruvchilarning bandligi taʼminlangan boʻlib, ishga joylashish boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Samarqand viloyati yuridik texnikumida qayd etilgan (575 nafar bitiruvchidan 498 nafari yoki 86,6%ish bilan taʼminlangan).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring