Festival yoshlarning yangi qirralarini kashf etmoqda

22:05 12 Iyun 2021 Jamiyat
1244 0

Samarqandda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida oʻtayotgan festivalning ikkinchi kuni yugurish marafoni musobaqasi bilan boshlandi. Registon maydoni oldidan start olgan marafonda 300 nafar yosh sportchilar 10 kilometr masofani bosib oʻtib yana oʻsha joyda oʻrnatilgan finishga qaytib kelishdi.

Bahs yakunida SamDU talabasi Otabek Toshquvvatov hamda Sevara Choriyeva finish chizigʻini birinchi boʻlib bosib oʻtdi. Marraga ikkinchi boʻlib Azizbek Nasimov hamda Zuhra Amirova yetib kelgan boʻlsa, uchinchi oʻrin Alisher Ahmadaliyev hamda Eʼzoza Hoshimovaga nasib etdi. Gʻoliblarga planshet va noutbuklar sovgʻa qilindi.

Yoshlar festivali doirasida “Regal palace” mehmonxonasi hovlisida “Oʻzbekiston yoshlari, kecha, bugun, ertaga” mavzusida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yoshlar vakillari loyihalari, gʻoyalari, fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. “Hokim va yoshlar” uchrashuvida viloyat hokimi 3 nafar «Start-ap» loyihasi gʻolibini maxsus sertifikat bilan, yoshlar yetakchilaridan 2 nafarini faxriy yorliq bilan taqdirladi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlardan 20 nafari viloyat hokimi stipendiyasiga sazovor boʻldi. Ularga 6 oy davomida 1 million soʻmdan stipendiya olish huquqini beradigan sertifikatlar topshirildi.

Yoshlar festivali doirasida oʻtkazilayotgan “Viloyat hokimi fan olimpiadasi”da 14 ta fandan 1576 nafar 10-11-sinf oʻquvchilari oʻnta oliy oʻquv yurtlarida oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev va viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Zebiniso Shodiyevalar bilan birgalikda “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan festival doirasidagi fan olimpiadasi jarayonlarini kuzatib, oʻquvchi yoshlar bilan muloqotda boʻldi.

Oliy oʻquv yurtlari rektorlari, professor-oʻqituvchilariga ularning bilimini xolisona baholab, eng munosiblarini kashf etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Fan olimpiadasi yakunida gʻoliblar eʼlon qilindi. Ular diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

Qoʻshrabot tumanining Qoʻrgʻon qishlogʻidagi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli muzey-majmuasida baxshilar koʻrik-tanlovi ham oʻtkazildi. Unda 50 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. Ular orasida qoʻshrabotlik 2 yoshli qiz Nilufar Togʻaymurodova ham oʻz mahoratini sinab koʻrdi. Qatnashchilar orasida samarqandlik baxshilaridan tashqari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan kelgan yoshlar ham boʻldi.

Tanlov yakuniga koʻra, 1-oʻrin qoʻshrabotlik Bobobek Rahmatovga nasib etdi. 2-oʻrinni Past Dargʻom tumanidan Javlonbek Shariboyev hamda bulungʻurlik Firdavs Suyunboyev, 3-oʻrinni bulungʻurlik Zahriddin Suyunboyev va nurobodlik Muhammadjon Shavkatov qoʻlga kiritdi. 

Mazkur festival dorasida Samarqand shahridagi “Chorsu” galereyasida “Amir Temur oʻyinlari” sport musobaqasi oʻtkazildi. Tadbirda viloyat, tuman shahar hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi, yosh sportchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda 2000 ga yaqin oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi. Musobaqada ishtirokchilari koʻp kurash, armrestling, tosh koʻtarish, arqon tortish kabi shartlar boʻyicha bellashdi. Musobaqa gʻoliblari Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Festival shukuhi polvonlarni ham chetlab oʻtmadi. Samarqand shahridagi yakka kurash turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida milliy kurash musobaqasi boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida tuman-shahar vakillaridan tarkib topgan 16 ta jamoa chiqishi namoyish etildi. Xalqaro toifadagi sport ustalari mahorat mashgʻulotlari oʻtkazdi. Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda kurash federatsiyasining hududiy boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda oʻsmir-yoshlar viloyat prokurori kubogi uchun bellashdilar.

Nurobod tumanining Jarquduq mahallasidagi Jarquduq “Choʻpon otarida suhbat” mavzusida chorvador-choʻponlar va yosh choʻponlarning gulxan atrofidagi davra suhbati “Nurli el chorvadori” MCHJga qarashli “Fayzobod” otarida boʻlib oʻtdi. Tadbirda choʻponchilik kasbiga qiziquvchi tumandagi yoshlar ishtirok etishdi. Ularga chorvachilik va choʻponchilik sohasining sir-asrorlaridan soʻzlovchi koʻrgazmalar taqdimot qilinib, ishtirokchilar uchun ot va tuyalarda sayrlar tashkil qilindi. Gulxan yoqilib, tajribali chorvador-choʻponlar va yosh choʻponlar tomonidan gulxan atrofida yigʻilgan oʻgʻil-qizlarga ushbu kasbning mashaqqat va qiyinchiliklari, shuningdek ushbu kasb orqasidan topilgan rizq-roʻz va muvaffaqiyatlar haqida soʻzlab berishdi.

Suhbatda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan chorvador” unvoni sohibi, “Olgʻa” chorvachilik xoʻjaligining bosh choʻponi Mashrab Toʻrayev ham ishtirok etib, yigʻilganlarga oʻzining hayotiy tajribasi, ushbu kasbning qiyinchiliklari va muvaffaqiyatlari toʻgʻrisida aytib oʻtdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga tajribali chorvador-choʻponlar tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir davomida baxshilar tomonidan kuylangan qoʻshiq va xalq ogʻzaki ijodi namunalari yigʻilganlar kayfiyatiga xush kayfiyat ulashdi.

Mana ikki kundirki  Samarqand viloyati boʻylab “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilayotgan yoshlar festivali doirasida viloyatning shahar va tumanlarida ham  faol yoshlar, harbiylar, uyushmagan yoshlar ishtirokida juda koʻplab loyihalar, qator ajoyib uchrashuv va tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Ishtixon tuman madaniyat va istirohat bogʻida ham tuman hokimi Shuxrat Negmatov yoshlarni festival bilan qutlab, ularni faol va tashabbuskor boʻlishga, jahon arenalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtargan yurtdoshimiz Nigina Oʻktamova va Moxinur Roʻziyevalar singari yuksak marralarga erishishga chaqirdi.

Festival davomida tuman madaniyat boʻlimi va Samarqand shahridan tashrif buyurgan xonandalar ijrosidagi kuy va qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat bagʻishladi.

Festival tadbirlari davom etmoqda

Abdulaziz Yoʻldoshev

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?