1 ming 976 tup daraxt taqdiri nima boʻladi?

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamkorligida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi. Unda “4R100 Manguzar–Jarqoʻrgʻon–Bandixon–Oltinsoy–Denov” avtomobil yoʻlini rekonstruksiya qilish loyihasida qurilish ishlari ostida qolayotgan daraxtlarni koʻchirish masalasi mutaxassislar, faollar, nuroniylar, jurnalist va blogerlar ishtirokida muhokama qilindi.
— Ushbu avtomobil yoʻlining 128-174 kilometr qismida 2024-yilning 25-26-noyabr kunlari mutaxassislar oʻrganish ishlarini olib borishdi, — deydi muhandis Rajabboy Mamatmurodov. — Oʻrganish xulosasiga koʻra, loyihada 10 ming 567 tup daraxt qurilish ishlari ostida qolayotgani aniqlandi. Loyihani qayta koʻrib chiqish orqali 8 ming 591 tup daraxt saqlab qolindi. Hozirgi paytda 1 ming 976 tup daraxtni koʻchirishga toʻgʻri kelmoqda.
Jamoatchilik eshituvida mutaxassislar tomonidan daraxtlarni koʻchirib oʻtkazishning eng maqbul va samarali usullari hamda tartib-qoidalari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
— Qurilish hududidagi daraxtlar shunchaki kesib tashlanmayapti, — deydi mehnat faxriysi Berdimurod Hayitov. — Yoʻl quruvchilari bir daraxt oʻrniga oʻnta, hatto yuzta daraxt ekib berishni oʻz zimmalariga olishyapti. Keng jamoatchilik ushbu saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi va bu ishda ularga yelkadosh boʻladi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 4-aprelda qabul qilingan “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “4R105 Darband–Boysun–Elbayon” avtomobil yoʻlining 5-70 kilometr qismi va “4R100 Manguzar–Jarqoʻrgʻon–Bandixon–Oltinsoy–Denov” avtomobil yoʻlining 128-174 kilometr qismi rekonstruksiya qilinayotir.
Loyihaning qurilish-montaj ishlarini tender savdosi gʻolibi – Ozarbayjonning “Lankaran Yol Tikinti” aksiyadorlik jamiyati amalga oshirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring