1-apreldan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

05:46 01 Aprel 2023 Hujjatlar
1091 0

Foto: Illustrativ surat

Joriy yil 1-apreldan qonunchilikda qator oʻzgarishlar kutilmoqda. Xususan:

1. Parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, subsidiyalar ajratish va boshqa imtiyozlardan foydalanish huquqi faqatgina my.vetgov.uz saytida roʻyxatdan oʻtgan hamda tegishli mezonlarga mos keluvchi parrandachilik xoʻjaliklariga beriladi.

2. Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar va tumanlarning markazlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

3. Respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur doirasida:

— jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi.

4. Xoʻjalik jamiyatlarining ishtirokchisi (aksiyadori) va kreditorlari huquqlarini himoya qilish maqsadida quyidagi tartib oʻrnatiladi:

— MCHJ ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshiladigan, qiymati BHMning 10 ming baravaridan koʻp boʻlgan pulsiz hissalar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi va baholangan qiymatdan yuqori boʻlishi mumkin emas;

— yuridik shaxslar qoʻshib yuborish, qoʻshib olish va tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish orqali qayta tashkil etilganda, korxonalarning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida koʻrsatilgan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, qayta tashkil etilgan yuridik shaxsga oʻtgan hisoblanadi;

— xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashining aksiya, korporativ obligatsiya va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqarish boʻyicha qarorlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq muhim fakt sifatida oshkor qilinadi.

5. Qonunchilikka koʻra:

— 1 yilda bir marotaba oʻrta tadbirkorlik subyektlariga mol-mulkni sugʻurta qilish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq BHMning 20 baravaridan oshmagan (6 mln soʻmgacha) qismi qoplab beriladi;

— daromadi 10 milliard soʻmdan kam boʻlmagan tadbirkorlar uchun davlat xaridlarida 20 foizlik kvota joriy etiladi va ushbu xaridlar doirasida byudjet buyurtmachilari bilan tuziladigan shartnomalarda 50 foiz miqdorida oldindan toʻlovni amalga oshirish nazarda tutiladi.

5. Qonunchilikka koʻra:

— davlat xaridlarida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflarini baholashda QQS summasi inobatga olinmaydi;

— yuqori qoʻshilgan qiymatli mis mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni tashqi bozorga sotish bilan bogʻliq xarajatlarini eksport qiymatining 6 foizigacha qoplash tartibi bekor qilinadi.

6. Qonunchilikka koʻra, nogironlik idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.

7. Qonunchilikka koʻra:

— professional taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga;

— professional taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega boʻlgan, malaka toifasiga ega boʻlmagan oliy maʼlumotli hamda oliy maʼlumotga ega boʻlmagan ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy oʻrta taʼlim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali oʻqituvchisi, oliy maʼlumotli oʻqituvchisi hamda oʻrta maxsus maʼlumotli oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

8. Maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish maqsadida:

— yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni taʼmirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etiladi;

— davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari boʻyicha garovga qoʻyilishiga oid cheklovlar bekor qilinadi.

9. Qonunchilikka koʻra:

— halok boʻlgan harbiy xizmatchi (xodim) oila aʼzolariga biryoʻla beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi boʻyicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 150 baravari miqdorida belgilanadi;

— harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sugʻurtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok boʻlganda toʻlanadigan sugʻurta summasi BHMning 200 baravari miqdorida belgilanadi.

10. Tadbirkorlar yangi qurilgan koʻp qavatli ishlab chiqarish binolari, 2023-yil 1-yanvardan keyin foydalanishga topshirilgan binolar yuzasidan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq boʻyicha hisoblangan summani quyidagi pasaytiruvchi koeffitsiyentni qoʻllagan holda, bino foydalanishga topshirilgan oydan boshlab 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga toʻlaydi:

— 3 qavatli binoga – 0,9;

— 4 qavatli binoga – 0,8;

— 5 qavatli binoga – 0,7;

— 6 qavatli binoga – 0,6;

— 7 va undan yuqori qavatli binoga – 0,5.

Bundan respublikaning shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida joylashgan binolar mustasno.

11. Umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran 3 yil muddatga, oʻrnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan oʻrnatilgan boʻlsa – 10 yil muddatga quyidagilarni toʻlashdan ozod etiladi:

— ushbu qurilmalar boʻyicha mol-mulk soligʻini;

— qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini;

— yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda soligʻini.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер