Kasallik xavfini yetti yil avval aniqlash yoʻli topildi

19:18 07 May 2022 Jamiyat
964 0

Foto: Illustrativ foto

Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda 55 million nafardan ziyod kishi demensiya xastaligidan aziyat chekmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2030-yilga borib bu raqamlar 78 million, 2050-yilda esa 139 million nafarga yetishidan xavotirda.

Asosan keksa yoshli odamlarda kuzatiladigan mazkur kasallik aqliy qobiliyat va xotiraning susayishi bilan namoyon boʻladi.

Bunga miya qon tomirlari aterosklerozi, insult, takroriy bosh miya jarohatlari, spirtli ichimliklar, giyohvandlik, doimiy qon yoʻqotish kabi omillar sabab boʻlishi mumkin.

Xoʻsh, bugun ana shu xastalikka qarshi qanday samarali kurashish mumkin? Uning oldini olish uchun qanday profilaktik choralar mavjud? Dunyo olimlari uzoq yillardan buyon shu haqda bosh qotirishmoqda.

Nihoyat irlandiyalik tadqiqotchilar yaqinda muhim bir yangilikni eʼlon qildi. Unga koʻra, demensiya xavfini ancha oldin, yaʼni kasallik paydo boʻlishidan 7 yil avval aniqlasa boʻladi.

Buning uchun olimlar maxsus qon biomarkerini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, demensiya xavf guruhiga mansub kishilarning qon tarkibida P-tau181 oqsili darajasi oshishi qayd etiladi.

Tadqiqot 7 yil avval boshlangandi. Oʻshanda 64 yosh atrofidagi 54 nafar kishining qonida ushbu oqsil darajasi oʻlchangan edi.

Tekshiruvlar yetti yildan soʻng yana takrorlandi. Koʻngilli ishtirokchilar bosh miyasi maxsus skaner diagnostikasidan oʻtkazildi.

Natijalar taqqoslanganda, bu gal ham qondagi P-tau181 darajasi oshishi qayd etildi. Mazkur holat miyada koʻp miqdorda beta-amiloid (Alsgeymer kasalligining asosiy omili) toʻplanishi bilan bogʻliq ekanligi maʼlum boʻldi.

Tadqiqotchilar xulosasiga koʻra, qondagi P-tau181 oqsili miqdorini oʻlchash erta bosqichdayoq kasallik rivojlanishining oldini olish imkonini beradi. Natijada demensiyani davolashda yuqori samaradorlikka erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?