Zulfiyaxonim qizi ekanimdan faxrlanaman

Muhtaram Prezidentimizning: “Qizlaringizni oʻqiting, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishlarida ularga koʻmakdosh boʻling! Ulugʻlarimiz aytganlaridek, oʻgʻil bolani oʻqitsak, bir kishi savodli boʻladi. Qiz bolani oʻqitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli boʻladi” degan purmaʼno fikrlari juda oʻrinli ekanligini oʻz hayotimda koʻrib turibman. Oilada ayol oʻqimishli boʻlsa, farzandlari ham oʻqimishli, ziyoli boʻladi, ularning kamoloti uchun qaygʻuradi, gʻamxoʻrlik qiladi. Kerak paytida yordam beradi, yoʻnaltiradi, qoʻllab-quvvatlaydi.
Bolalikdan mumtoz sanʼatimizga qiziqib, Quvasoy shahrida tashkil etilgan musiqa toʻgaraklarida ilk qadamlarni tashlagan edim. Ustozlar koʻmagida asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan katta ashula, maqom qoʻshiqlarini oʻrganish asnosida bu boradagi qiziqishlarim yanada yuksaldi. Shu tariqa mumtoz sanʼatimizni dunyo miqyosida yanada keng targʻib etish asosiy maqsadimga aylandi. Oʻtgan yillar davomida jahon mumtoz sanʼati namunalarini ijro etish orqali xalqaro miqyosda oʻtkazib kelinayotgan tanlovlarda sovrindor boʻlib kelmoqdaman. Oʻz navbatida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, anʼanaviy xonandalik yoʻnalishida respublika koʻrik-tanlovlari va festivallarida koʻp bora gʻolib boʻlish baxti nasib etdi.
2022-yili “Nihol” mukofoti sovrindori, 2023-yilda “Oʻn ikki maqomning ilmiy tarixi va Islom dini bilan bogʻliqlik jihatlari” mavzusidagi ilmiy maqolalarim uchun xalqaro sertifikatlarni qoʻlga kiritdim. Bu ilmiy sohadagi izlanishlarimni davom ettirish uchun ragʻbat boʻldi.
2024-yili Qoraqalpogʻistonning Boʻzatov tumanida oʻtkazilgan “Yoshlar ovozi” respublika koʻrik-tanlovining gʻolibi hamda xalqaro sanʼat yoʻnalishi boʻyicha “AL LIBITUM” koʻrik-tanlovining Gran pri sohibasi boʻldim. Respublika yosh ijrochilarining Joʻraxon Sultonov va Maʼmurxon Uzoqov nomidagi tanlovida ikkinchi oʻrin, “Yoshlar ovozi” tanlovida faxrli birinchi oʻrin berildi.
Shuningdek, oʻtgan yili Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy musiqa va sanʼat institutining anʼanaviy xonandalik yoʻnalishini muvaffaqiyatli tamomladim. Hozirda Quvasoy shahar madaniyat boʻlimi tasarrufidagi 14-sonli madaniyat markazi toʻgarak rahbari sifatida faoliyat koʻrsatmoqdaman. Zulfiyaxonim qizi boʻlganimdan faxrlanaman.
Durdona sanʼatimiz ming yillardan buyon dunyo xalqlarining hayratiga sazovor boʻlib, boqiy meros sifatida qadr va eʼzoz topib kelayotgani bejiz emas. Keyingi yillarda bu borada yaratilayotgan qulay sharoitlar, yangi isteʼdodlarni kashf etishga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat oʻzbek mumtoz sanʼati jahon hamjamiyatida yanada kengroq hurmat topishiga xizmat qiladi.
Layloxon SAYNAZAROVA,
Quvasoy shahar madaniyat boʻlimi toʻgarak rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring