Zoyir Mirzayev 2 baho qoʻygani sababli kaltaklangan oʻqituvchining plastigiga yoʻlkira haqi uchun 10 mln soʻm oʻtkazib berilishini aytdi

14:43 13 Aprel 2021 Jamiyat
1995 0

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi 134-umumiy oʻrta taʼlim maktabining ingliz tili fani oʻqituvchisi oʻquvchilardan birining akalari tomonidan kaltaklangani voqeasi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. 

100 kilometrlik masofa, Qarshi tumanidan Chiroqchi tumaniga qatnab ishlaydigan Shoxnur Oqquziyev bilan bugun viloyat hokimi Zoyir Mirzayev onlayn rejimda muloqot qildi. Muloqotda viloyat hokimi oʻqituvchini kaltaklagan “zoʻravon”lar ishini keskin qoralagan.

«Tarqalgan xabarlarni oʻqidim. Biz bu holatni huquq-targʻibot idoralariga aytdik. Baribir oxiriga yetadi. Jarayon mening oʻzimni nazoratimda. Siz qishloqqa ziyo tarqatishga borgansiz. Albatta buni qadriga yetgan odam yetadi. Qadriga yetmagan odam baribir oʻzini farzandiga oʻzining avlodi kelajagiga jabr qiladi. Sizga oʻxshab farzandini til bilishini xohlagan odam unday ish qilmasligi kerak. Bu judayam axloqsizlik, men juda yomon baholayman bu holatni»,- deydi Zoyir Mirzayev.

Hokim muloqot davomida Chiroqchidagi faollar, deputatlar mazkur masalaga oʻz munosabatini bildirmagani va eʼtiborsiz qarashgani haqida ham gapirib, endi oʻqituvchini shaxsan oʻzi qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

Uning plastik kartasiga uzoq hududga qatnab ishlayotgani tufayli yoʻlkira haqi uchun 10 mln soʻm pul oʻtkazib berilishini aytdi.

Muloqot davomida Shoxnur Oqquziyevning onasi Inobat Qurbonova bilan ham suhbat tashkil qilindi. Hokim oʻqituvchining onasidan oilaning sharoiti haqida soʻradi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq mazkur voqeaga viloyat IIB munosabat bildirgan va holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini maʼlum qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер