“Milliy animatsiyada muhim qadam”. Saida Mirziyoyeva “Sehrlandiya” multfilmi premyerasida ishtirok etdi

16:28 20 Dekabr 2025 Siyosat
441 0

19-dekabr kuni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻgʻli Shavkatjon bilan birga “Sehrlandiya: Qahramonlar missiyasi” multfilmining premyerasida ishtirok etdi. Tomoshabinlar zalida qariyb ikki ming nafar bola jam boʻldi.

Qayd etilishicha, tomoshabinlar ilk daqiqalardanoq ekrandagi voqealarga toʻliq shoʻngʻib ketgan — bolalar syujetga samimiy munosabat bildirib, qahramonlar bilan birga quvonib, birga hayajonlangan. Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, aynan shunday faol ishtirok multfilm ijodkorlari oʻz auditoriyasiga yoʻl topa olganini koʻrsatadi.

U bolani aldash mumkin emasligini, u samimiylikni darhol his qilishini qayd etdi. Agar bolalar ekrandan koʻz uzmay tomosha qilayotgan boʻlsa, demak, loyihaga nafaqat texnologiya, balki qalb ham jo etilgan.

“Sehrlandiya: Qahramonlar missiyasi” Oʻzbekiston tarixida ilk bor 3D formatda yaratilgan toʻliq metrajli animatsion film hisoblanadi. Loyiha milliy animatsiya rivoji uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda.

“Ona sifatida aytaman: bolalarimiz oʻz tilida, oʻz ruhiyatiga yaqin, zamonaviy multfilmlarni koʻrib ulgʻayishi juda muhim”, — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva loyiha muallifi Jahongir Ahmedov va butun ijodiy jamoaga minnatdorlik bildirib, qoʻlga kiritilgan natijalar bilan cheklanmasdan, yangi marralar sari intilishni tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?