Ziyo maskani jahon andozalari darajasida ish boshladi

13:16 08 Yanvar 2025 Jamiyat
160 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi 1899-yili xalq muzeyi boʻlimi sifatida ochilgan boʻlib, uning jamgʻarmasi atigi 853 nusxadagi kitoblardan tashkil topgan. Kitobxonlar doirasi ham faqat shahar ziyolilaridan iborat boʻlgan.

Fargʻona viloyati tarixi, iqtisodi, madaniyati va atoqli arboblari hayotiga oid oʻlkashunoslik materiallarini yigʻish boʻyicha faol harakatlar 1956-yildan boshlangan. Kutubxona 1970-yili 500 ming nusxaga moʻljallangan uch qavatli maxsus jihozlangan binoga koʻchib oʻtdi. Shu yili kutubxonaga Fargʻonani jahon ilm ahliga tanitgan Ahmad Fargʻoniy nomi berildi.

Afsuski, 1977-yili sel ofati oqibatida kutubxonaning eng pastki qavatida joylashgan kitob saqlash boʻlimi suv ostida qoldi. 300 ming nusxadan iborat kutubxona jamgʻarmasining uchdan bir qismi, nodir adabiyotlarning bir necha mingi, 1920-1930-yillarda bosmadan chiqqan gazeta toʻplamlari yaroqsiz ahvolga keldi. Shu tariqa kutubxona jamgʻarmasini qaytadan toʻldirish zaruriyati tugʻilib, keyingi yillarda bu borada izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

— Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan mamlakatimizning oʻziga xos tarixga ega yetakchi kutubxonalari sirasiga kiruvchi markaz 12 mlrd 745 mln soʻm mablagʻ evaziga mukammal taʼmirdan chiqarildi, — deydi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Husniyaxon Shermatova. — Ezgu tashabbus doirasida kutubxona eng zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan boʻlib, hatto imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun ham jahon andozalari darajasi sharoitlar yaratildi.

Shuningdek, kitobxonlarga tez va sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida elektron kataloglar uchun maxsus joy, kitob tashish hamda foydalanuvchilar uchun lift xizmati tashkil etilyapti. Yangi loyiha boʻyicha yozgi amfiteatr, bogʻ, toʻgaraklar faoliyati uchun maxsus xonalar, ilmiy-amaliy anjumanlar uchun konferens zallari hamda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, ilmiy izlanuvchilar uchun maxsus xonalar barpo etildi. Oʻquv zallarida kichik yoshdagi kitobxonlar uchun bolalar boʻlimi ham mavjud. Eng quvonarlisi, endilikda foydalanuvchilar uchun Bookkafe ham xizmat koʻrsatadi.

Hozirda kutubxona 30 dan ortiq tilda nashr etilgan 350 ming nusxadan ziyod universal jamgʻarmaga ega. Ziyo maskani bir paytning oʻzida 550 nafardan ziyod kitobxonga eng zamonaviy texnologiyalar va xizmat koʻrsatuvchi 14 ta tarkibiy xizmatlar bilan birgalikda faoliyat yuritadi. Bu yerda xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq barcha jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan.

Aytish joiz, bugun foydalanuvchilar oʻrtasida kitob va mutolaani targʻib qiluvchi tadbirlar, turli aksiyalar, mashhur insonlar bilan uchrashuvlar, badiiy kechalar, ijodiy koʻrgazmalar oʻtkazib borish yaxshi anʼanaga aylangan. Oʻz navbatida, kompyuter savodxonligi kurslari, maʼnaviyat soatlari, xorijiy tillarni oʻrganish hamda salomatlik klublari faoliyati ham juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?