Zilha mahallasining Farbonbibisi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltiariq tumanining Qapchugʻay qir-adirlari etagida soʻlim Zilha qishlogʻi joylashgan. Aholisi asosan dehqonchilik bilan mashgʻul. Qishloq hududi boʻylab yastanib yotadigan qum barxanlari Fargʻona vodiysida ochiq osmon ostidagi tabiiy shifo maskani sifatida tanilgan.
“Zilha” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi 109 yoshli Shahribonu Teshaboyeva piru badavlat momo sifatida qishloqdoshlarining eng dono maslahatgoʻyi. Momoning xotiralari birda xursandchilik ulashsa, birda qaygʻuli. Uning bolaligi oʻtgan asrning ocharchilik, qahatchilik yillariga toʻgʻri keldi. Esini tanibdiki, jamoa xoʻjaligi aʼzosi boʻldi. Mehnatdan qoʻllari qavardi. Katta Fargʻona kanalini qazishda qatnashdi.
Qishloqning front ortida jonbozlik koʻrsatgan alp oʻgʻloni Dehqonboy Teshaboyev bilan oila qurib, 3 oʻgʻil va 3 qizni tarbiyaladi. Hozirda 27 nafar nabira hamda 50 dan ziyod chevaralar ardogʻida umrguzaronlik qilmoqda.
Shu kunlarda momoning xonadoni yanada gavjum. Shahribonu buvining Prezidentimiz Farmoniga koʻra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani Zilha boʻylab yashin tezligida tarqaldi. Xushxabarni eshitgan borki, onaxonni yoʻqlab, bir duosini olib ketmoqda. Bugun Fargʻona viloyati hokimi ushbu xonadonda boʻlib, tabarruk yoshli hamyurtimizning koʻksiga “Shuhrat” medalini taqib qoʻydi.
Samimiy suhbatda momo bunday eʼtibor va ragʻbat uchun davlatimiz rahbariga eng ezgu tilaklarini izhor etib, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duoga qoʻl ochdi.
— Xushxabarni eshitgandan buyon onam yosh boladek sevinadi, goʻyo umriga yana umr qoʻshilgandek boʻldi, — deydi momoning kenja farzandi Maʼrufjon Teshaboyev. — Volidamiz xonadonimiz fayzi, farishtasi. Oilamiz aʼzolari bayramlar, turli tantanalarda ota hovlida yigʻilsak, toʻy boʻlib ketadi. Shu bois bizga koʻpchilikning havasi keladi.
Odatda, baxt tushunchasining oʻlchovi koʻp. Odam tinchgina oʻtgan bir kuni, qorni toʻq, usti butunligi, bir qultum suvini xotirjam ichayotgani uchun ham oʻzini baxtli his etishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring