JSST: Yangi shtamm hozircha koronavirusga qarshi boshqa vaksina yaratish zaruratini yuzaga keltirgani yoʻq
Dunyoda koronavirusning «omikron» shtammi shiddat bilan tarqalmoqda. Avstraliya, Avstriya, Botsvana, Belgiya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Daniya, Germaniya, Gongkong, Isroil, Italiya, Ispaniya, Kanada, Niderlandiya, Nigeriya, Portugaliya, Saudiya Arabistoni, Shvetsiya, Shveysariya, JAR, Chexiya va Yaponiyada kasallikning yangi mutatsiyasi qayd etilgandi.
Endi ular safiga AQSH va Janubiy Koreya ham qoʻshilib, jami 24 taga yetdi. Ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbarining taʼkidlashicha, bu koʻrsatkichlar, shubhasiz, oshib boraveradi.
Shu sababli JSST epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi tufayli xavf guruhiga mansub odamlar, jumladan, 60 yoshdan oshgan hamda yondosh kasalligi mavjud kishilarga ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik, aholi gavjum joylarga bormaslik hamda sayohatga chiqmay turishni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, tashkilot aʼzo mamlakatlarni emlash jarayonlarini jadallashtirishga chaqirdi. Qolaversa, JSSTning xulosasicha, yangi mutatsiyaning paydo boʻlishi hozircha koronavirusga qarshi boshqa vaksina yaratish zaruratini yuzaga keltirgani yoʻq. Chunki amalda qoʻllanilayotgan vaksinalarning «omikron» shtammiga qarshi samaradorligi pasayishi hali isbotlanmagan.
Aslida, yangi shtamm tarqalishini jilovlashda vaksinalarga katta umid bogʻlanayotgani bejiz emas. Chunki «omikron» qayd etilgan Janubiy Afrika mamlakatlari, xususan, JARda katta yoshli aholining toʻrtdan bir qismi hanuz emlanmagan.
Shu bois Xitoy davlati 600 million doza COVID-19ga qarshi vaksinani Afrika mamlakatlariga yetkazib berishga qaror qildi.
Gretsiyada ham vaksinatsiya jarayonlarini tezlashtirish choralari koʻrilmoqda. Mamlakat bosh vazirining bayonot berishicha, bu yerda 60 yoshdan oshgan aholiga vaksina olish majburiy boʻladi. Emlanmaganlar oyiga 100 yevro miqdorida jarima toʻlaydi.
Dushanbadan eʼtiboran AQSHga Afrikaning 8 mamlakati fuqarolari kiritilmasligi yuzasidan taqiq oʻrnatildi. Bu roʻyxat yanada kengaytirilishi mumkin.
Avstraliya esa besh nafar yoʻlovchida «omikron» aniqlangach, mamlakatga keluvchi xorijliklar uchun amalda boʻlgan cheklovlarni yumshatish masalasini ortga surdi. Mahalliy aholiga ham jiddiy sabab koʻrsatilmasa, chet elga chiqish taqiqi saqlanib qolmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring