JSST: Insoniyat koronavirus bilan yonma-yon yashashga odatlanishi kerak
Pandemiya bekor qilinganidan buyon qariyb 7 hafta oʻtdi. SOVID-19 — hozir insoniyat uchun global xatar emas. Ammo xastalik hanuz odamlar oʻlimiga sabab boʻlar ekan, unga qarshi kurash masalasi kun tartibidan tushmaydi.
Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi bu borada oʻz dasturiy rejasini eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, 2020-yil yanvar oyidan pandemiya yakunigacha Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida 270 milliondan ortiq kishi COVID-19ni yuqtirib, ularning 2,2 million nafardan ortigʻi xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumdi.
Dunyo ahlining jamoaviy immuniteti yaxshilanishi tufayli oʻlim koʻrsatkichi va bemorlarni shifoxonaga yotqizish ehtiyoji tobora kamayib borayotgani ijobiy holat.
Biroq virus mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda. Uning kelgusida yanada yuqumli va xafliroq shtammlari paydo boʻlmasligiga kafolat yoʻq.
Ayni sababdan sayyoramizdagi epidemiologik vaziyat doimo qatʼiy nazorat ostida boʻlishi kerak. Insoniyat boshqa oʻtkir respirator kasalliklar singari koronavirus bilan ham yonma-yon yashashni oʻrganishi zarur.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening taʼkidlashicha, pandemiyaga qarshi kurashda katta tajriba toʻplandi, ijobiy natijalarga erishildi. Bundan chiqarilgan saboqlarni profilaktika maqsadlarida qoʻllash vaqti keldi.
Shundan kelib chiqqan holda, tashkilot kelajakdagi epidemiya va pandemiyalarga tayyor turish uchun strategik rejasini ishlab chiqdi. U besh punktni oʻz ichiga oladi: hamkorlikdagi epidemiologik nazorat, favqulodda holatlar davrida aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, malakali tibbiy yordam koʻrsatish, tegishli choralar koʻrish va vaziyatni muvofiqlashtirish.
Bunday yondashuv salomatlik uchun tahdidlarni tezkor aniqlash, tekshirish va hamjihatlikda muammo yechimini topishda qoʻl kelishi aytilmoqda.
Qolaversa, mazkur chora-tadbirlar sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha 2024-2029-yillarga moʻljallangan besh yillik mintaqaviy harakatlar rejasini ishlab chiqishda asos boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring