Joriy yilning birinchi yarmida 5 yoshgacha boʻlgan 164 nafar bolada koxlear implantatsiya amaliyotlari oʻtkazildi — SSV

15:36 06 Sentyabr 2023 Jamiyat
646 0

Onalik va bolalikni muhofaza qilish yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy sisyosatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 17 mln nafardan ortiq, shu jumladan 9,1 mln nafardan ziyod tugʻish yoshidagi ayollarga 227 ta tugʻuruq muassasalari, 18 yoshgacha boʻlgan 11 mln nafar bolaga esa 245 ta pediatriya muassasalari xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Tibbiy-sanitariya muassasalarida “Ayollar maslahatxona”lari, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Onko-nazorat xona”si hamda “Qizlar salomatlik markaz”lari faoliyat yurityapti.

Shuningdek, Prezidentning tegishli qaroriga asosan respublikadagi 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tugʻuruq boʻlimlari negizida tumanlararo perinatal markazlari amaldagi shtatlar doirasida tashkil etilgan.

Homiladorlikning birinchi uch oyligida ayollar ommaviy tarzda ultratovush tekshiruvidan nafaqat viloyat, balki tuman (shahar) miqyosida yangi tashkil etilgan prenatal skrining xonalarida oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 6 oyida 1,9 mln nafar xotin-qizlar onkoskrining tekshiruvidan oʻtkazildi. 5,9 mln nafar 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollarning 662,3 ming nafari temir, 560,5 ming nafari esa foliy preparatlari bilan bepul taʼminlandi.

Bundan tashqari, eshitishi zaif va tugʻma karlikni davolash maqsadida 2023-yilning birinchi yarmida 5 yoshgacha boʻlgan 164 nafar bolada koxlear implantatsiya amaliyotlari oʻtkazildi.

Yil yakuniga qadar homilador ayollar va bolalarga hududidan qatʼi nazar, kafolatlangan bepul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoni yaratiladi. Shuningdek, bolalar, oʻsmirlar va homilador ayollarni 7 turdagi vitamin va minerallar bilan bepul taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish yoʻnalishida takrorlanuvchi xizmat turlarini optimallashtirish ishlari olib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?