Joriy yilning 15-noyabr kunidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish boʻyicha arizalar olish boshlandi

14:30 24 Noyabr 2022 Jamiyat
708 0

Foto: IIV Axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim shaklida (bundan buyon Akademiya) oʻqish muddati 3 yil boʻlib, bitiruvchilarga oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom hamda “leytenant” maxsus unvoni beriladi.

Akademiyada “Tergov faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Ekspert-kriminalistika faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati”, «Probatsiya faoliyati», “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” va “Tashkiliy-shtab faoliyati” mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.

QABUL QILISH TARTIBI:

Akademiyaga oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda oʻqishga qabul oʻrinlari taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha viloyatlar kesimida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan taqsimlanadi.

Akademiyaga yoshi oʻn yettidan kichik (qabul yilida oʻn yetti yoshga toʻladiganlar) va yigirma beshdan katta boʻlmagan, shu jumladan, yigirma besh yoshdagi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional maʼlumotga ega Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari qabul kvotasining toʻqson foizi boʻyicha qabul qilinadi.

4. Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413–son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.

IIV Akademiyaga oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:

— dastlabki tanlov;

— maxsus kasbiy tanlov;

— yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlarning arizalari (Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzod ichki ishlar organi xodimi boʻlgan taqdirda, ularning bildirgilari) joriy yilning 15-noyabridan 2022-yilning 15-fevraliga qadar qabul qilinadi. Akademiyaga oʻqishga kirish istagini bildirganlar taʼlim yoʻnalishini koʻrsatgan holda doimiy yashash joyi boʻyicha hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

— nomzod tomonidan qoʻlda va kompyuterda yozilgan tarjimayi hol;

— anketa (maʼlumotnoma);

— harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi;

— oʻqish, ish (agar oʻqiyotgan yoki ishlayotgan boʻlsa) joyidan tavsifnoma;

— doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan joyidan sogʻligʻining holati haqida belgilangan namunadagi maʼlumotnoma (boʻy-basti koʻrsatilgan holda);

— ota-onasining Akademiyaga oʻqishga kirishiga rozilik xati.

Dastlabki tanlov:

— nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash, nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni aniqlash;

— nomzodning sogʻligʻi jihatidan oʻqishga yaroqliligini aniqlash.

Dastlabki tanlov:

—fuqarolar hamda IIV akademik litseylari bitiruvchilari uchun — ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;

— harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun — (hujjatlarni toʻplash va oʻrganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;

— ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun — ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) oʻtkaziladi.

Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 26-sentyabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat Akademiyada oʻtkaziladi.

— Maxsus kasbiy tanlov:

— hujjatlarni oʻrganish;

— tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;

— yozma ish (bayon yoki insho);

— umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

— chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyiladi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga oʻqishga qabul qilinadi.

Akademiyaga oʻqishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.

Akademiyaga qabul qilish boʻyicha batafsil maʼlumotlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllariga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qarori tanishish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?