Joriy yilda 2500 ga yaqin xorijiy OTM tomonidan berilgan diplom tan olinib, nostrifikatsiyalanadi

13:15 27 Mart 2023 Siyosat
549 0

Foto: Халқ сўзи

AOKAda Bilimni baholash agentligining rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida boʻlib oʻtayotgan matbuot anjumanida tizimda oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalar haqida maʼlumot berildi:

2022-yil davomida oʻtkazilgan test sinovlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-269-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etildi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2023-yilga qadar Davlat test markazi sifatida faoliyat yuritgan boʻlib, 2022-yil davomida agentlik tomonidan 52 turdagi test sinovlari tashkil etilib, unda 2 mln nafardan ortiq talabgorning bilimi sinovdan oʻtkazildi. Jumladan:

1. Muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarligini aniqlash boʻyicha test sinovlari – 21 ming nafardan ziyod;

2. Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha test sinovlari – 1,1 ming nafardan ziyod;

3. Chet tilini bilish darajasini aniqlash test sinovlari – 63 ming nafardan ziyod;

4. Umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari – 11 ming nafardan ziyod;

5. Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish test sinovlari – 269 ming nafardan ziyod;

6. Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari – 1 mln 146 ming nafardan ziyod;

7. Oliy taʼlim muassasalari huzuridagi akademik litseylarga kirish test sinovlari – 23 ming nafardan ziyod;

8. Talabalar oʻqishini xorijiy davlatlardagi OTMlardan, shuningdek Oʻzbekistondagi xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga koʻchirish boʻyicha test sinovlari – 80 ming nafardan ziyod;

9. Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylariga kirish test sinovlari – 11 ming nafardan ziyod;

10. Professional taʼlim muassasalari (kollej va texnikum)ga kirish test sinovlari – 172 ming nafardan ziyod;

11. Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha test sinovlari – 22 ming nafardan ziyod;

12. Boshqa imtihonlar – 230 ming nafardan ziyod.

Test topshiriqlari bazasini shakllantirish

Yuqorida qayd etilgan test sinovlari uchun 12 ta umumtaʼlim fanidan 42 mingdan ortiq, 54 ta maxsus fandan 37 mingga yaqin test topshirigʻi shakllantirilgan va ekspertizadan oʻtkazilgan.

Bundan tashqari milliy sertifikat imtihonlari uchun 7 ta umumtaʼlim fanidan 1,5 mingdan ziyod va fan olimpiadasining respublika bosqichi uchun 16 ta umumtaʼlim fanidan 1,4 mingdan ziyod test topshirigʻi shakllantirilib, ekspertizadan oʻtkazilgan.

Test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish

Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarini oʻtkazish uchun respublika boʻyicha 58 ta bino, stadion va xiyobon tanlab olinib, mazkur joylar mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda test sinovlariga toʻliq tayyorlandi. Bunda bir smenada 48 420 nafar, bir kunda esa 96 840 nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi taʼminlandi.

Test sinovlariga nazoratchi sifatida jalb etish uchun 5,7 ming nafardan ziyod pedagog xodimlarga oʻquv-seminar mashgʻulotlari tashkil etildi va mashgʻulotlar yakunida imtihon qilinib, 3,6 ming nafardan ziyod pedagog xodimlar guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi.

Abituriyentlar test sinoviga videofiksatsiya qurilmalari orqali shaxsini identifikatsiya qilgan holda kiritildi. Natijada abituriyentning oʻrniga boshqa shaxsning test sinovlariga kirishining oldi olindi. Test sinovlari toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkazilib, test2022.uz sayti va “Viasat Explore” telekanali orqali onlayn translyatsiya qilindi. Buning uchun test sinovi oʻtkaziladigan joylar 2,1 mingdan ortiq shaxsni identifikatsiya qilish qurilmalari va videokameralar bilan jihozlandi.

Oldingi yillarda abituriyentlarga test sinovida foydalanish uchun “Kimyoviy elementlar davriy jadvali” hamda “Doimiy fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali” berilgan boʻlsa, 2022-yilda ular bilan birga kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvali ham berildi.

Shuningdek, 2022-yilda ilk bor imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun test sinovlariga surdotarjimonlar jalb etildi.

Abituriyentlarning test sinovida toʻplagan ballari test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasigayoq shaxsiy kabinetida eʼlon qilib borildi. Bunda abituriyentning javoblar varaqasi rangli skaner qilinib, qaysi savollarga toʻgʻri, qaysilariga notoʻgʻri javob berilgani ham koʻrsatildi. Bundan tashqari abituriyentlarga mandat.dtm.uz sayti orqali boshqa abituriyentlarning ham natijalarini kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Test natijalariga koʻra 190 375 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etildi. Shundan 39 962 nafari davlat granti, 150 413 nafari toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.

Chet tilini bilish darajasini aniqlash

2022-yil davomida 15 ta chet tili boʻyicha 16-marta imtihonlar tashkil etilib, 63 mingdan ziyod talabgorning tinglab tushunish, oʻqish, yozish va gapirish koʻnikmalari boʻyicha chet tilini bilish darajasi aniqlandi. Mazkur imtihonlar 4 toifaga boʻlinadi:

1. Akademik litsey bitiruvchilari uchun bepul chet tili imtihoni;

2. Chet tillari oʻqituvchilari uchun ustama imtihoni;

3. Chet tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish imtihoni.

4. Xorijiy tillar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan 6 ta oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon.

Shuningdek, 2022-yilda chet tilini bilish darajasini aniqlashning koʻp darajali tizimi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Hozirga kelib, ingliz, nemis, fransuz va arab tillaridan chet tili imtihonlari koʻp darajali (multilevel) formatda oʻtkazilmoqda.

Bundan tashqari, chet tili imtihoni natijalarini eʼlon qilish muddati 3 haftadan 1 haftagacha qisqartirildi.

Test sinovlarini yil davomida oʻtkazish uchun katta sigʻimli binolar qurilishi

Buxoro viloyatida 1 200 oʻrinli bino qurilib, foydalanishga topshirilgan boʻlib, qurilish ishlari Namanganda 93 foizga, Samarqandda 84 foizga, Xorazmda 90 foizga, Andijonda 60 foizga, Sirdaryoda 63 foizga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 60 foizga va Surxondaryoda 37 foizga bajarilgan.

2023-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar

2023-yilda ham 50 dan ortiq turdagi test sinovlari tashkil etilib, unda 2 mln nafardan ortiq talabgor test sinovidan oʻtkaziladi.

Buning uchun 15 ta umumtaʼlim fanidan 25 mingga yaqin, qardosh tillardan 4,5 mingdan ortiq, sharq tillari hamda ispan va italyan tillaridan 1,7 mingdan ortiq, 50 tadan ortiq maxsus fandan 15 mingdan ortiq test topshiriqlari shakllantiriladi.

Umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari uchun 9 ta umumtaʼlim fanidan (matematika, biologiya, fizika, kimyo, tarix, geografiya, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyot) 855 ta test topshirigʻi shakllantiriladi, tarjima qilinadi va ekspertizadan oʻtkaziladi.

Abituriyentlarning test materiallari bilan ishlash koʻnikmasini shakllantirish maqsadida namunaviy test topshiriqlari asosida 100 ming nafarga yaqin yoshlarning diagnostik test sinovlari orqali bilimi baholanadi.

Keng jamoatchilik vakillari orasidan 8 ming nafardan ortiq nomzod my.dtm.uz sayti orqali test sinovlariga guruh nazoratchisi sifatida roʻyxatga olinib, ularning malakasi oshirilmoqda.

1,8 mingdan ortiq test variantlarining klassik va zamonaviy test nazariyalari asosida statistik tahlili amalga oshiriladi.

2,5 mingga yaqin xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash ishlari amalga oshiriladi.

Taʼlim sohasi tashkilotlari tomonidan beriladigan 10 mingdan ortiq rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?