Joriy yil tibbiyotda qanday investitsiyaviy loyihalar amalga oshiriladi?

10:31 05 Mart 2023 Jamiyat
873 0

Yurtimiz tibbiyotidagi islohotlar, xususan, yangi shifo maskanlarini barpo etish, ularni zamonaviy tibbiy jihozlar va yuqori texnologik uskunalar bilan taʼminlashda xalqaro moliya institutlari yaqindan koʻmak berib kelmoqda.

Bu esa aholiga koʻrsatilayotgan malakali tibbiy xizmat qamrovi oshishiga imkon yaratyapti. Muhimi, bu boradagi ishlar 2023-yilda ham izchil davom ettiriladi.

Xususan, joriy yilda 150 million AQSH dollarilik ilgʻor tibbiy asbob-uskunalar xarid qilinib, tibbiyot muassasalariga yetkazib beriladi.

Bunga yoʻnaltiriladigan mablagʻning 124,5 million AQSH dollarini xorijiy imtiyozli kreditlar, 25,5 million AQSH dollarini esa toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari tashkil etadi.

Shuningdek, 100 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha qator davlatlar va KOICA, JICA, USAID kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlanadi.

Natijada:

— yutimiz boʻylab shoshilinch tibbiy yordam qabul boʻlimlari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanadi;

— tez tibbiy yordam koʻrsatish sifati yaxshilanadi, xususan, Sall-markazlar yangi kommunikatsion tizimlar bilan jihozlanadi;

— 793 ta oilaviy shifoxona va 13 ta tumanlararo tibbiyot muassasiga zarur tibbiy jihozlar olib kelib oʻrnatiladi.

— davolash-profilaktika muassasalari gemodializ uskunalari bilan taʼminlanadi. Diagnostika va davolash jarayoniga yangi tibbiy texnologiyalar tatbiq etilishi orqali ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatish salmogʻi oshiriladi.

Shuningdek, yurtimizda kattalar uchun 300 oʻrinli koʻp tarmoqli zamonaviy ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi tashkil etilib, yiliga 8,5 mingta yuqori texnologiyali jarrohlik operatsiyalarini bajarish hamda 720 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda onkologiya xizmati muassasalarini yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlashga doir loyihaning 2-bosqichi doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning 16 ta filiali qurilib, jihozlanadi.

265 oʻrinli milliy saraton markazini qurish orqali Oʻzbekistonda ilgʻor onkologik tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Nukus shahrida ayollar va bolalar uchun 150 oʻrinli Shayx Xalifa nomidagi shifoxona barpo etilib, Orolboʻyi mintaqasida tibbiy yordamni maqsadli yoʻnaltirish tizimi yuqori darajada tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?