Joʻqorgʻi Kenges Raisi Chimboy tumanidagi kamchiliklarni tanqid qildi

13:54 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
515 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Chimboy tumanida boʻlib, aholini qiynayotgan muammolar hamda xalqning turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar bilan tanishdi.

Jumladan, Joʻqorgʻi Kenges Raisiga murojaat qilgan fuqarolarning muammolarini ijobiy hal qilish borasida berilgan topshiriqlarning ijrosini joyiga borib koʻrdi.

Shundan soʻng Chimboy tumani hokimligining majlislar zalida barcha vazirlik, qoʻmita, boshqarmalar va tumandagi idora-tashkilotlar rahbarlari hamda ovul oqsoqollari va mahalla faollari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil asosida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xalqning turmush darajasini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan bir qator yangi tizim va dasturlar hayotga tatbiq qilindi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila - tadbirkor”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi dasturlar asosida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yorqin misoldir.

— Biroq, shunday qulay sharoitlar yaratilishiga qaramay, ayrim soha rahbarlari oʻz ishiga masʼuliyatsiz yondashib, berilgan topshiriqlarga yuzaki qaragani va belgilangan muddatida bajarmasliklari — birinchi navbatda aholining kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatib, ularning noroziligiga sabab boʻladi, — dedi Joʻqorgʻi Kenges Raisi A.Orinbayev.

Joʻqorgʻi Kenges Raisi Chimboy tumanida koʻplab sohalarda, jumladan, qurilish, obodonlashtirish va ijtimoiy sohalarda bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganiga toʻxtalib, tanqid qildi.

Yigʻilishda muhokama etilgan har bir masalani soha rahbarlari qatʼi nazoratga olishi shart ekanligi belgilab berildi. Shuningdek, joriy yil yakunigacha Chimboy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ishlarga jami 16 mlrd. 849 mln.soʻm mablagʻ ajratilishi maʼlum qilindi.

Shu bilan birga yuqorida yigʻilishda muhokama etilgan masalalar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf qilish choralarini koʻrmagan, xalqni rozi etish nuqtayi nazaridan ishga boʻlgan masʼuliyatini oshirmagan rahbarlarning lavozimiga loyiqligi yuzasidan taklif kiritish va mazkur ishlarni nazoratga olish boʻyicha Joʻqorgʻi Kengesning qoʻmita raisi Duysenbay Utambetov masʼul qilib biriktirildi.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?