Joʻqorgʻi Kenges Raisi A.Orinbayev Oliy Majlis Senati aʼzosi etib saylandi

22:54 09 Sentyabr 2022 Jamiyat
1034 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun, yaʼni 9-sentyabr kuni Nukus shahrida boʻshagan oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlarining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Saylov kodeksining 78-moddasiga muvofiq, qoʻshma majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxodjayev ochdi.

Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi soʻzga chiqib, Saylov kodeksiga muvofiq, boʻshagan oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosini saylash boʻyicha saylov oʻtkazish tartib-qoidalariga toʻxtalib oʻtdi.

Majlisga 31-sonli “Orta qala” saylov okrugidan deputat A.Davletov raislik qilish taklifi kiritildi va ushbu taklif deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Qoʻshma majlis ishini taʼminlash va yuritish uchun ishchi tarkibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga nomzod koʻrsatish boʻyicha Maslahat kengashi, majlis kotibiyati, sanoq komissiyasi aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylab olindi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlaridan saylangan Maslahat kengashi aʼzolarining boshqa xonada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzoligiga boʻshagan oʻringa nomzod koʻrsatish boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Maslahat kengashining raisi 45-sonli “Shumanay” saylov okrugidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati U.Jalmenov majlisda qabul qilingan qaror boʻyicha axborot berdi.

Qoʻshma majlis Maslahat kengashi tomonidan Senat aʼzosini saylash boʻyicha saylov byulleteniga kiritish uchun 56-sonli “Berdaq” saylov okrugidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev nomzodi taklif etildi.

Shundan soʻng Senat aʼzosi saylovi boʻlib oʻtdi. Demokratik tamoyillar asosida oʻtgan saylovda har bir deputatning yashirin ovoz berishi tashkil etildi.

Saylov natijalari koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi etib saylandi.

Shu bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlarining qoʻshma majlisi oʻz ishini yakunladi.

Gʻ.Otajonov, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?