Jonkuyar muallimni kim qoʻllab-quvvatlaydi?

17:20 23 Avgust 2024 Jamiyat
145 0

Qoʻrgʻon – nafaqat Romitan, balki Oʻzbekistonimizning eng koʻhna goʻshalaridan. Bu qishloqda Qoʻzi Saidov degan 76 yoshli muallim yashaydi. Bundan chorak asr muqaddam shu inson Qoʻrgʻon tarixi, oʻtmishdagi osori-atiqalari, yashab oʻtgan ajoyib insonlari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash fikriga keldi.

Ustoz ishga kirishdi. Qoʻrgʻonlik qatagʻon qurbonlari, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, bu goʻshadan yetishib chiqqan olimlar, sportchilar, taniqli insonlarning 600 nafardan ziyodi haqida maʼlumotlar, fotosuratlar toʻpladi. Qadimiy dehqonchilik ish qurollari – omoch, pona, bolta, oʻroq, uy-roʻzgʻor buyumlarining yuzdan ortigʻini, 1900-yildan tortib to hozirda muomalada boʻlib turgan pullar, tangalarni jamgʻardi. Tarixdan soʻzlaguvchi sargʻaygan gazetalar, urush yillari frontdan yuborilgan maktublar… Ehe, muallimning avaylab yiqqanlarini sanab adogʻiga yetolmaysiz.

Taassufki, bu osori atiqalar joy yoʻqligidan bir muddat koʻchada qoldi. Shunda jurnalistlarning jonkuyarligi asqatdi. Ular aralashuvi bilan 27-maktabdan moʻjaz muzey uchun xona ajratildi.

Bu yerdagi har bir eksponat olis va yaqin oʻtmishimizdan soʻzlaydi. Ustoz ular har biri haqida batafsil toʻxtalib, yoshlarimizni oʻzlikni anglashga daʼvat etadi. Sirasini aytganda, tarix fani mashgʻulotlarini oʻtish uchun keksa muallim tashkil etgan bu goʻshadan afzalrogʻi yoʻq. Vatan ostonadan boshlanadi, deganlaridek, oʻgʻil-qizlarimizning oʻzlari tugʻilib oʻsgan qishloq, mahalla tarixini bilishi juda muhim. Maktab maʼmuriyati, ayniqsa, tarix fani oʻqituvchilari masalaning shu jihatini inobatga olishsa, oʻz navbatida mahalla masʼullari keksa muallimni qoʻllab-quvvatlashsa, uning mehnatini qadrlashsa ayni muddao boʻlur edi.

Maxfirat ATOYEVA,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер