Jondorlik 81 yoshli Joʻra ota nega har tongda tandir peshonasidan oʻpadi?
Foto: Xalq so‘zi
— 1959-yilda oʻrta maktabni tugatib, qoʻlimga attestatni olganimdan soʻng otam “Xoʻsh, oʻgʻlim, endi nima qilmoqchisan?” deb soʻradilar, — eslaydi Joʻra bobo. — Men shunda institutda oʻqimoqchiligimni aytdim.
Otam bir muddat sukut saqlab, maqsadga koʻchdi. «Sen yetti yoshga kirganingda men bozordan yaxshi niyat qilib gʻunda (tandir yasashda foydalaniladigan asbob - muallif) sotib olgandim. Shu asbobni, oʻn yildirki, asrab-avaylab yuribman. Usta tandirsoz boʻlasan, degan umidim bor. Oʻqishingga qarshiligim yoʻq. Faqat avval shu hunarni puxta egallashingni, ishimni davom ettirishingni xohlayman. Loaqal ikki yil tandirsozlik qilgin, bolam», dedi.
Ota rozi - Xudo rozi. Joʻra koʻndi. Otasi bergan gʻundani avaylab qoʻliga oldi. Ikki emas, toʻrt yil tandirsozlik qildi. Yon-atrofga usta hunarmand sifatida tanildi. Bu orada uylandi. Keyin esa Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)ga oʻqishga kirdi. Ammo tandirsozlikni ham tashlab qoʻymadi. Dam olish kunlari tandir yasar, tunlari esa muk tushib kitob mutolaa qilardi. Institutni imtiyozli diplom bilan bitirib, qishlogʻi Ushotga qaytdi. Oʻttiz yil davomida maktabda bolalarga taʼlim-tarbiya berdi.

Tabiiyki, tandirning qanday yasalishi bilan qiziqdik. Otaxonning aytishicha, ishni Oʻrtachoʻldan, Amudaryoning qadimiy oʻzani oʻtgan joylardan qizil tuproq keltirish bilan boshlaydilar. Bu tuproq tarkibida tuz miqdori koʻp, u yopishqoq, kamyob sanaladi. Shu tuproqqa suv sepilib ivitiladi. Keyin esa loy holiga keltiriladi. Tandirsozlar tili bilan aytganda, pishiriladi. Tayyor loy belkurak yordamida sozlanadi. Unga mayin somon sepilib, obdon aralashtiriladi. Soʻng shu loy qayta-qayta – yetti bor tepib chiqiladi. Unga tuya yoki echki juni ham qoʻshiladi. Jun qorishmani betonsimon holga keltiradi. Shundan keyin tandir yasaladi. Ushotlik ustalar yasagan tandirlar boshqa joylarnikidan pishiqligi, chidamliligi, yopilgan nonning sifatli chiqishi bilan ajralib turadi. Chunki ular tamoman qizil tuproqdan tayyorlanadi.
— Maktabimizda bir doʻstim turmush oʻrtogʻi bilan oʻqituvchilik qilar, yaqin sirdosh edik, — davom etadi Joʻra Joʻrayev. — Undan bir yilda roʻzgʻor tashvishlaridan ortib ikkovlon qancha pul jamgʻarasizlar, deya soʻraganim xuddi kechagidek esimda. U oʻsha davr puli bilan “Ikki ming soʻm”, deya javob bergandi. Men esa oilada bir oʻzim ishlashimga qaramay, uch ming soʻm jamgʻarardim. Negaki, ishdan soʻng uyda tandirsozlik qilardim. Shukr, turmush oʻrtogʻim bilan toʻqqiz oʻgʻil-qizni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Muallimligu tandirsozlik ortidan toʻylar qildik. Orzu-havaslarimizga yetdik. Farzandlarimning hammasi oʻziga tinch. Sizga aytsam, har tongda turib, yurtimizdagi tinchlik-omonlik haqqi Allohga shukrona aytamanda, tandirning peshonasidan oʻpib qoʻyaman. Bu tandirlarda lazzatli nonu patirlar pishadi, hovlilarni aziz neʼmatning xushboʻy hidi tutadi. Shunday kezlarda tandirsoz boʻlganimdan koʻnglimda shukronalik hissini tuyaman.
Darhaqiqat, non – dasturxon koʻrki, insoniyat ijod qilgan shohona neʼmat. Axir dunyoda tinchlik va nondan azizroq neʼmat bormi?..
Otaxon hali-hanuz tandir yasaydi. Oʻgʻli Bobur, Muhammad, nevaralari Bahodir, Abdulla, bundan tashqari qarindosh-urugʻlari ham tandir yasash sirlarini undan oʻrganishgan.
— Men ham tandirsozlik qilib, roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldiryapman,— deydi otaxoning jiyani Zavqi Joʻrayev. — Qishda odatda, boshqa yumushlar bilan band boʻlamiz. Yozda esa tandir yasaymiz. Oʻzim bir mavsumda oʻrtacha 200 tacha tandir sotaman. Har bir tandir hajmiga qarab 100 ming soʻmdan 150 ming soʻmgacha baholanadi.
Ha, ushotliklar ota-bobolari hunarlarini davom ettirib kam boʻlishmayapti. Joʻra otaga kelsak, uning bir armoni bor. Yaqin oʻtmishda ushotliklar nafaqat tandirsozlik, balki kulolchilik bilan ham shugʻullanishgan. Afsuski, bu hunar oʻz davomchilarini topmay qoldi. Shu anʼana qayta yoʻlga qoʻyilsa, kulolchilikning Rishton, Gʻijduvonda boʻlgani kabi yana bir maktabi vujudga kelarmidi, degan xayolga borasan kishi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring