Jamshid Xodjayev Belorusiya qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vaziri Igor Brilo bilan uchrashuv oʻtkazdi

11:08 26 Avgust 2022 Siyosat
676 0

Minsk shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Belorusiya qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vaziri Igor Brilo bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat davomida oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Yuqori talabga ega oziq-ovqat mahsulotlarining yillik qoʻshma balansini shakllantirish jarayoni tahlil qilindi. Uning natijalariga koʻra, forvard va fyuchers shartnomalari asosida kartoshka, don va moyli ekinlar, meva-sabzavot mahsulotlarini tizimli ravishda oʻzaro yetkazib berishni oshirishga kelishildi. Tomonlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish maqsadida ishonchli eksportchi va importchi korxonalar roʻyxatini tuzishga, shuningdek, talabga ega oziq-ovqat mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishning tashkiliy, moliyaviy va sugʻurta mexanizmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasini” qabul qilishga kelishib oldilar.

Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida «Gomelagropromproekt» kompaniyasi bilan birgalikda goʻsht-sut kompleksini tashkil etish qoʻshma loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirish jarayonini, shu jumladan Belorussiya investitsiya tuzilmalari mablagʻlarini jalb qilish hisobiga faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, ikki mamlakat ilmiy-amaliy markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida oʻsimlikshunoslik, urugʻchilik va veterinariya sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga sodiqligini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер