Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda yangi qadam

15:32 26 Iyun 2022 Jamiyat
1070 0

Foto: Xalq so‘zi

Koʻhna Shahrisabz shahrida Yoshlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish marafoni oldidan Qashqadaryo viloyat hokimi oʻrinbosari Rustam Yoʻldoshev, Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov va boshqalar soʻzga chiqib, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda bu kabi tadbirlarning ahamiyati xususida fikr bildirdi.

Ommaviy yugurish marafoni shaharning Koʻkgumbaz obidasi oldidan start oldi. Bir yarim ming nafardan ziyod turli yoshdagi ishtirokchilar orasida yoshi ulugʻ insonlar, nogironligi bor shaxslarning ham faollik koʻrsatgani diqqatga molik jihatdir.

— Tumanimizda yoshlar va kattalar oʻrtasida sportni ommalashtirishga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda,- deydi Shahrisabz tumani sportni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Yorqinoy Jumanova. –Yaqinda Shahrisabz tumanidagi «Chorshanbi» MFY yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning yengil atletika boʻyicha Xorazm viloyatida oʻtkazilgan respublika bosqichida birinchi oʻrinni egalladi. Bugungi kunda tumanda 14 mingdan ziyod kishi sportga jalb qilingan boʻlib, futbol, voleybol, erkin kurash, boks va dzyudo turlarida yaxshi natijalar qayd etilmoqda.

Nihoyat Amir Temur haykali yaqinidagi finish chizigʻiga eng peshqadam marafonchilar yetib keldi. Qarshi davlat universitetining Shahrisabz pedagogika instituti talabasi Dilsoʻz Namozova xotin-qizlar oʻrtasida gʻoliblikni egallagan boʻlsa, erkaklar oʻrtasida yosh sportchi Jahongir Namozov birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Marafonning qator nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlari ham munosib taqdirlandi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?