Jamiyat hayotining joni va ruhi — maʼnaviyat
Foto: Халқ сўзи
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar, belgilab berilgan istiqboldagi vazifalar mohiyatida “Inson qadri uchun” degan ulugʻvor gʻoya mujassam ekanini anglash qiyin emas.
Maʼlumki, har qanday ezgu maqsad inson omili vositasida roʻyobga chiqadi. Jamiyatdagi rivojlanish xalqning salohiyati bilan chambarchas bogʻliq. Odamlar tafakkuri oʻzgarmaguncha jamiyat oʻzgarmaydi. Jamiyatda ong yuksalmaguncha davlat taraqqiy etmaydi. Zero, keng tafakkurli, oʻz ishiga kreativ yondashadigan, bilimli, masʼuliyatni chuqur his qiladigan, zamon bilan hamqadam xalqgina Yurtboshimiz ilgari surgan buyuk maqsad — uchinchi Renessans poydevorini yaratishi mumkin. Mana shu ulugʻvor ishda esa ijodkor ziyolilar, madaniyat va sanʼat ahlining alohida oʻrni bor.
Davlatimiz rahbari ijod ahlini “Inson qalbining muhandislari”, deya taʼriflashi bejiz emas. Chunki xoh adabiyot, xoh kino, xoh teatr, bastakorlik, qoʻshiqchilik sanʼatiga daxldor boʻlsin, ular yaratgan asarlar kishini maʼnan ulgʻaytiradi, qalbiga ezgu tuygʻularni, umuminsoniy tushunchalarni, fazilatlarni joylaydi. Sanʼat va madaniyat odamni inson sifatida tarbiyalaydi.
Biz, madaniyat, sanʼat, ijodkor ziyolilar oʻz salohiyatimiz bilan, asarlarimiz bilan, mehrimiz bilan xalqimizning ezgu qadriyatlarini, ongu tafakkurini boyitish, maʼnaviy, madaniy saviyasini yuksaltirish, hayot tarzini oʻzgartirishga hissa qoʻshishimiz kerak.
Prezidentimiz faoliyatining ilk pallasidanoq iqtisodiy islohotlar bilan birga madaniy, maʼrifiy, maʼnaviy rivojlanishni omixta, uygʻun olib borish tarafdori boʻlib, bu borada qator qonun, Farmon va qarorlarni qabul qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari hamda oʻnlab yuqori darajadagi xalqaro anjumanlarda ilgari surgan taklif va tashabbuslari qatorida ayni shu masalaga ham alohida urgʻu berib kelmoqda. Qolaversa, hamkor davlatlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlarda, albatta, madaniy, adabiy almashinuvlar, teatr, kino, kitobxonlik sohalarida qator loyihalarni birgalikda amalga oshirish, Madaniyat kunlarini oʻtkazish ham koʻzda tutiladi. Xoʻsh, nima uchun? Buning boisi Prezidentimiz inson, jamiyat, davlatning takomilida iqtisodiyot ham, maʼnaviyat ham birdek oʻrin tutishini alohida eʼtirof etadi.
Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi — maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo qilishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, yaʼni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz.
Murojaatnomada ham ushbu masalaga katta ahamiyat qaratildi. Jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzgʻunchi yot gʻoyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻyilmasligi, buning uchun nafaqat masʼul tashkilotlar, balki barchamiz birgalikda muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib borishimiz zarurligi uqtirildi.
Agar maʼnan va ruhan sogʻlom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, hayotning pastu balandidan oʻtib, toʻgʻri yoʻlni adashmay topa olishga qodir boʻlgan barkamol avlodni tarbiyalash vazifasi uddalansa, shubha yoʻqki, bunday jamiyat mamlakatning barqaror taraqqiyotga erishishini taʼminlaydi.
Shu bois ushbu muhim masalada alohida Milliy dastur qabul qilinadi. Jamiyatimizning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qoʻllab-quvvatlash ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlishi urgʻulandi.
Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida shu kunlarda davom etayotgan milliy koʻrgazma xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va anʼanalariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Bunday tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy turistlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Dasturilamal hujjatda xalqimizning maʼnaviy uygʻonishiga alohida urgʻu berildi. Jumladan, buning uchun barcha taʼlim muassasalarida xorijiy tillar, zamonaviy texnologiyalar bilan birga milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizni oʻqitishga katta eʼtibor qaratiladi.
Davlatimiz rahbari qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozimligini taʼkidladi. Bu hammamizning ayni dilimizdagi gap boʻldi. Zotan, ilm, tarbiya haqida qanday ibrat kerak boʻlsa, hammasi bobolarimiz merosida, oʻgitlarida bor. Biz ana shularni farzandlarimizga, kelajak avlodga yetkazishda tashabbuskor va masʼuliyatli boʻlishimiz lozim.
Muxtasar aytganda, Murojaatnomada ilgari surilgan hayotbaxsh tashabbuslar, belgilab berilgan dolzarb vazifalar xalqimizni rozi qilish, yangi Oʻzbekistonni barpo etish, yurtimizda uchinchi Renessans poydevorini qurishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Zero, Prezidentimizning “...qanchalik qiyin boʻlmasin, tanlagan yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Koʻzlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yoʻlda niyati ulugʻ, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz.
Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz», degan haroratli soʻzlari barchamizga katta kuch berib, bizni yangidan-yangi marralar sari boshlayveradi.
Ozodbek NAZARBEKOV,
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring