Jamgʻarmasi 30 millionlik turnir gʻoliblari aniqlandi

21:30 08 Aprel 2024 Jamiyat
212 0

“ZIYO FORUM” Ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish Xalqaro fondi tomonidan Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida kibersportning “CS:2” yoʻnalishi boʻyicha mukofot jamgʻarmasi 30 million soʻm boʻlgan “ZIYO CUP” turniri boʻlib oʻtdi.

Qayd etish joizki, soʻnggi paytlarda poytaxtimizda yoshlarni boʻsh vaqtlarida ommaviy sport oʻyinlariga jalb etish maqsadida turli tadbirlar va intellektual oʻyinlar tashkil etib kelinmoqda. “ZIYO FORUM” tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqa Oʻzbekistonda kibersportni rivojlantirish va ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional kibersportga yoʻnaltirish, axborot texnologiyalari va IT-industriya uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash hamda ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Turnirning saralash musobaqalarida yurtimizdan umumiy 68 ta davlat hamda nodavlat Oliy taʼlim dargohlari talabalari oʻrtasida tashkil etilib, saralash oʻyinlarida jami 450 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.

Murosasiz kurashlarga toʻla oʻtgan turnirda Qoraqalpoq davlat universiteti talabalariga teng keladigani topilmadi, ular 1-oʻrinni qoʻlga kiritib 15 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanishdi. 2-oʻringa Vebster, 3 va 4-oʻrinlarga esa Inha hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabalari loyiq koʻrildi. Ular ham 10 va 5 millionlik pul mukofotlariga sazovor boʻlishdi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?