“Jahon nazari tushgan shahar”: dunyo olimlari Buxoroi sharifga ana shunday taʼrif berishdi

15:45 29 May 2020 Welcome to uzbekistan
1762 0

Jahon tarixida ilm – fan, madaniyat,maʼrifat markazi vazifasini oʻtagan shaharlar koʻp. Lekin Buxoroi sharif kabi nihoyatda koʻp olimlarga beshik boʻlgan goʻshaning topilishi mushkul. Tadqiqotchilarning aniqlashlaricha, IX asrdagi Maʼmun akademiyasining asosini yurtimizdan, xususan, Buxorodan yetishib chiqqan olimu fuzalolar tashkil etishgan.

“Buxoro tarixi” asari muallifi Muhammad Narshaxiyning guvohlik berishicha, Islom olamidagi ilk madrasalardan biri Buxoroda tashkil etilgan boʻlib, «Farjak» nomi ostida faoliyat yuritgan. Keyinchalik esa ushbu ilmiy anʼanalar yana-da taraqqiy topib, Buxoro madrasalari oʻziga xos xalqaro universitet maqomida fiqh, tasavvuf, hadis ilmi singari diniy, aljabr, handasa (geometriya), tibbiyot singari dunyoviy fanlar taʼlimida yetakchi boʻlgan. Natijada bu muqaddas tuproqda Buxoro faqihlari akademiyasi asoschisi Abu Hafs Kabir Buxoriy, Imom al-Buxoriy, qomusiy olim Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr Kalobodiy, Shayx Mustamliy Buxoriy, Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband singari buyuk siymolar yetishib chiqdilar. Shayx Yusuf Hamadoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Iso at Termiziy, Xoja Ahror Valiy kabi ulugʻ zotlar shu yerda tahsil olib, maʼnaviy kamolotga erishishgan.

Shu bois ham 2020-yilda sharif shaharning “Buxoro Islom olami madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishi qadimiy maskanning Islom sivilizatsiyasidagi oʻrnining oʻziga xos eʼtirofidir. Istiqlol yillarida mazkur anʼanalar qayta tiklanib, Buxoro yana Islom maʼrifati markazlaridan biri maqomiga erishdi. Shu maqsadda bugun viloyatda uchta madrasa, 100 dan ortiq islomiy yoʻnalishdagi diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Buxoro davlat universitetida “Islom tarixi va manbashunosligi” taʼlim yoʻnalishi ochildi. Mir Arab madrasasi oliy taʼlim muassasasi maqomiga koʻtarildi. Mir Arab madrasasi huzurida “Tasavvuf ilmi maktabi” tashkil etildi.

Bu fikr-mulohazalar onlayn tarzda tashkil qilingan “Buxoroning Islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi va undagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada oʻz eʼtirofini topdi.

Taʼkidlash joizki, Islom Hamkorligi–IRCICA Xalqaro Tashkilotining Islom taʼlim, fan va madaniyat tuzilmasi–ICESCO shafeʼligida oʻtkazilgan bu nufuzli onlayn anjumanda xalqaro tashkilot Bosh direktori, doktor Salim Muhammad al-Malik, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi–IRCICA Xalqaro tashkiloti Bosh direktori, doktor Xalid Eren, Butunjahon musulmon ulamolari Kengashi raisining maslahatchisi, professor Nasr Orif, Marokash respublikasining Quarayni universiteti vitse-prezidenti doktor Idris al-Fassi, Marokash respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Islom ishlari boshqarmasi mudiri Hamid al-Ahmar, Albaniya Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi raisi, doktor Ramiz Mustafo Zakiy, Turkiya davlatining Anqara, Istanbul hamda Marmara universitetlarining fan doktorlari, professorlar Hasan Kurt, Murtazo Bedir, Nejdet Tosun, Aras Neftchi, Semix Jeyxan, Usmon Aydinli, shuningdek, qoʻshni Qirgʻiziston va Qozogʻiston respublikalari, qolaversa, yurtimizdagi qator oliy oʻquv yurtlarining vakillari ishtirok etdilar.

Videokonferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kirish soʻzi bilan ochib, koʻhna va boqiy Buxoroning Islom dini rivojidagi oʻrni va mavqei, buyuk muhaddis Imom al Buxoriy hazratlari va boshqa yetuk namoyondalar ilmiy- maʼnaviy merosi, ularning ahamiyati xususida toʻxtaldi.

Shundan soʻng Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov soʻz olib, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilarini muborakbod etdi, joriy yil viloyatimizga Islom madaniyati poytaxti degan nufuzli unvon berilgani Buxoro va buxoroliklar, umuman, millatimiz uchun katta sharaf va masʼuliyat ekanligini taʼkidladi.

–Buxoro va buxoroliklarning Islom madaniyati sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini misoli bir cheksiz ummonga qiyoslash mumkin,–dedi viloyat rahbari oʻz soʻzida.–Ushbu ummon nechogʻli keng va chuqur tadqiq etilsa, shu qadar koʻp irfoniy dur-marvaridlar kashf etilaveradi.Viloyat hokimligi bu xayrli ishda tadqiqotchi – olimlarga yaqindan turib koʻmaklashadi.

Kun tartibiga muvofiq, ilmiy-amaliy konferensiya shoʻbalarga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi. Ularda “Buxoroning Islom sivilizatsiyasidagi oʻrni va unga qoʻshgan hissasi”, “Islom sivilizatsiyasida Buxoro maʼnaviy merosi va uning hozirgi davrda chet ellik va mahalliy olimlar tomonidan oʻrganilishi muammolari”, “Markaziy Osiyoda Islom madaniyati va sanʼati: oʻtmish va hozirgi zamon” mavzularida maʼruzalar tinglanib, muhokamalar boʻldi. Soha mutaxassislari, yosh olimlar oʻzlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldilar.

Olimjon JOʻRAYEV,

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?