Senatda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari raislari va hokimlar uchun oʻquv seminarlari tashkil etildi

20:31 20 Yanvar 2026 Siyosat
182 0

Oliy Majlis Senatida xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari raislari hamda hokimlar uchun oʻquv seminarlari oʻz ishini boshladi.

Mazkur oʻquv seminarlari hududlarning qamrovi va ishtirokchilar sonini inobatga olgan holda toʻrtta guruhga boʻlib tashkil etilgan.

Jumladan, birinchi guruh tinglovchilari uchun mashgʻulotlar 19–21-yanvar kunlari oʻtkazilib, ularda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahar deputatlari va hokimlar ishtirok etmoqda.

Oʻquv seminarlari barcha hududlarni bosqichma-bosqich qamrab olib, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan muhim oʻquv-amaliy maydon boʻlib xizmat qiladi.

Seminarning birinchi kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva tomonidan mahalliy davlat hokimiyati tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari atroflicha tushuntirildi.

Xususan, mahalliy davlat hokimiyati tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi konstitutsiyaviy sharoitda ijro va vakillik hokimiyati oldida turgan ustuvor vazifalar, shuningdek, “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyilining mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsad va vazifalari, ijro va vakillik hokimiyatining yangi institutsional modeli, davlat boshqaruvida samaradorlik va hisobdorlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan “islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirish” gʻoyasi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosiy falsafasi ekani taʼkidlandi.

Prezident tomonidan belgilab berilgan oltita ustuvor yoʻnalishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatidagi asosiy vazifalarga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlaganidek, mazkur vazifalarning barchasi tuman va shaharlar kesimida xalq manfaatlari yoʻlida adolatli qarorlar qabul qilish, masʼuliyatli yondashuvni namoyon etish va amaliy natijalarga erishini talab etadi.

Uch kun davom etadigan oʻquv seminarlari doirasida tinglovchilar mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish, hokimiyatlar boʻlinishi prinsiplari, Kengash va hokimliklarning oʻzaro hamkorligi, deputatlarni qonun ijodkorligi faoliyatiga keng jalb qilish, qarorlar qabul qilishida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda oʻz bilim va koʻnikmalarini mustahkamlaydi.

Bundan tashqari, byudjetni shakllantirish, uning bajarilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirish, aholi muammolarini aniqlash va ularni tizimli hal etishda Kengashlar rolini kuchaytirish, shuningdek, “mahalla yettiligi – Kengash – Senat” tamoyili asosida ishni samarali tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?