Menga Indoneziya fuqaroligi taklif qilindi, ammo qabul qilmadim — Javlon Guseynov

12:33 21 Yanvar 2026 Sport
132 0

Yaqin-yaqinlargacha Sharqiy Osiyo mamlakatlari chempionatlarida oʻzbekistonlik futbolchilar salmogʻi sezilarli darajada koʻpaygandi. Lekin ayni paytda ushbu mintaqa mamlakatlarida toʻp surayotgan oʻzbek futbolchilari ancha kam.

Oʻz navbatida “Xalq soʻzi” sayti ushbu mintaqada toʻp surayotgan kam sonli futbolchilarimizdan biri boʻlgan, Indoneziyaning “Persita” klubi aʼzosi Javlon Guseynov bilan intervyu tashkil etdi. Unda Indoneziya, u yerdagi futbol va boshqa masalalar haqida fikr yuritildi. Quyida ushbu intervyuni mutolaa qilishingiz mumkin:

Assalomu alaykum Javlon. Bundan ancha yillar oldin Indoneziyaga koʻchib oʻtgan edingiz. Ushbu voqea qanday yuz bergandi?

— Assalomu alaykum sizga va siz orqali barcha oʻzbek futboli muxlislariga. Ha, roppa-rosa 6-yil oldin Indoneziyaga kelgan edim. OKMK klubi bilan Oʻzbekiston kubogini yutganimizdan soʻng, dam olayotgan edim. Shu orada menga Indoneziyaning “Borneo” klubi qiziqib qolgani haqida agentlar maʼlumot berdi. Koʻp oʻylab oʻtirmasdan ushbu taklifni qabul qildim. Chunki oldin legioner sifatida oʻynab koʻrgan edim va bu qanday boʻlishini yaxshi bilardim.

Ushbu mamlakat chempionati haqida qanday fikrdasiz? Indoneziya klublari nega xalqaro maydonda yuqori natija qayd eta olmayapti?

— Fikrim, albatta, ijobiy. Mamlakat futbolida yaxshigina oʻsish bor. Indoneziya 2015-yilgi FIFA cheklovlaridan keyin asta-sekin oʻz futbolini tikladi.

Xalqaro maydonda ham natijalar asta-sekinlik bilan keladi, degan umiddaman. Sababi, bunga klublarda harakat bor. Masalan, “Persib” klubi OFK Chempionlar ligasi 2 turnirida, “Deva” jamoasi esa Chaqiruv kubogida keyingi bosqichga yoʻl oldilar.

Oʻzbekiston Superligasi va Indoneziya chempionatini solishtirsangiz, qanday farqlar bor?

— Solishtirishni unchalik yoqtirmayman. Lekin javob beradigan boʻlsam, albatta, Oʻzbekiston Superligasi kuchliroq. Lekin bunga asosiy sabab — oʻzbekistonlik mahalliy futbolchilarning darajasi va jamoaviy oʻyinga eʼtibor qaratilishi.

Indoneziyada esa asosan legioner futbolchilarga va individual mahoratga eʼtibor beriladi. Hozirda Indoneziya ligasi uchun bir mavsumda 11 ta futbolchini roʻyxatdan oʻtkazish mumkin. Ulardan 9 tasi qaydnomadan, 7 tasi asosiy tarkibdan oʻrin olishi mumkin. Bizda esa umumiy hisobda klublar 6 ta xorijlik futbolchi olishi mumkin. Shundan ham bilsak boʻladi, Indoneziyada asosiy eʼtibor legioner futbolchilarga qaratilganini.

Indoneziyada legioner futbolchilarga oʻrtacha qancha maosh toʻlanadi?

— Bu yerda futbolchilarga 5 ming dollardan 35 ming dollargacha maosh toʻlanadi.

Soʻnggi yillarda Indoneziya milliy jamoasida jiddiy oʻsish bor. Bu nimalar bilan bogʻliq?

— Asosiy sabab Indoneziya futbol federatsiyasi koʻp futbolchilarni mahalliylashtirdi. Adashmasam, Yevropa va Janubiy Amerikadan 15–20 nafar futbolchiga fuqarolik berildi. Shu sababli natijalarda sezilarli oʻzgarish boʻldi.

Sizga ham taklif boʻldimi?

— Ha, lekin terma jamoa uchun emas, legionerlar limiti uchun. Lekin baribir Indoneziya fuqaroligini qabul qilmadim.

Muhammadamin Zuhriddinov suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер