Zelenskiy Kiyev yetakchilarning ikki va uch tomonlama formatdagi uchrashuviga tayyorligini aytdi

17:21 07 Avgust 2025 Dunyo
196 0

Foto: Reuters

Kiyev yetakchilarning ikki va uch tomonlama formatdagi uchrashuviga tayyor va Moskvadan ham shuni kutmoqda. Bu fikrlarni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib oʻtdi.

“Yaqin kelajakda yetakchilar darajasida tinchlik oʻrnatish uchun uchrashuvlarning turli potensial formatlari muhokama qilindi: ikkita ikki tomonlama, bitta uch tomonlama. Ukraina uchrashuvlardan qoʻrqmaydi va Rossiya tomonidan ham xuddi shunday dadil yondashuvni kutmoqda”, — deydi Zelenskiy.

Prezident Yevropa Ittifoqi vakillari bilan ehtimoliy muzokaralarda Ukraina pozitsiyalari boʻyicha kelishib olganini qoʻshimcha qildi.

Zelenskiy, shuningdek, Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan telefon orqali muloqot qilganini aytdi. Ukraina rahbarining soʻzlariga koʻra, ular respublika hududidagi mojaroga barham berish va Kiyevning Yevropa Ittifoqiga kirishi zarurligini muhokama qilgan.

Oldinroq jahon ommaviy axborot vositalari birinchi sahifalarida Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi boʻlajak uchrashuvni tasdiqlagani haqidagi xabarni chop etgandi.

Bungacha AQSHning “The New York Times” nashri Donald Tramp yaqin orada Vladimir Putin bilan shaxsiy uchrashuv oʻtkazish niyatida ekanini yozdi. Muzokaralar kelasi haftada boʻlib oʻtishi mumkin.

Manbaga koʻra, Tramp va Putin uchrashuvidan soʻng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama muzokaralar ham boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Uchrashuvlarda Yevropadan faqat uchta yetakchi ishtirok etadi. Ular aynan kimlar boʻlishiga aniqlik kiritilmagan.

“The Guardian” gazetasining yozishicha, Xalqaro jinoiy sudning Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “hibsga olish” boʻyicha orderi uning AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan uchrashuvini tashkil qilish uchun mos davlatlar sonini cheklaydi.

Nashrning qayd etishicha, Putin va Tramp oʻrtasidagi oldingi uchrashuv 2018-yilda boʻlib oʻtgan Xelsinkida muzokaralar olib borishning iloji yoʻq.

Chunki Finlyandiya Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgan 125 davlatdan biri hisoblanadi. Xuddi shu sababga koʻra, Sovuq urush davrida SSSR va AQSH rahbarlarining sammitlariga mezbonlik qilgan Shveysariya, Avstriya, Islandiya, Malta, Fransiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi davlatlar hisobga olinmaydi.

Gazeta, shuningdek, uchrashuv Potsdam, Yalta yoki Ikkinchi jahon urushi davrida Gitlerga qarshi koalitsiya davlatlari yetakchilarining konferensiyalari oʻtkazilgan Tehronda boʻlib oʻtishi ehtimolini ham juda past, deb hisoblaydi.

“Bu Rossiya va Ukraina oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtgan Saudiya Arabistoni yoki Turkiyada sammit tashkil etishni anglatishi mumkin. Yana bir variant Vengriya boʻlishi mumkin. Chunki uning bosh vaziri Viktor Orban ham Trampga, ham Putinga yaqin boʻlib, avvalroq oʻz mamlakati Xalqaro jinoiy suddan chiqish niyatini eʼlon qilgan edi”, — deyiladi gazeta maqolasida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?