“Oddiy parol — xakerlar uchun ochiq eshik”: shaxsiy maʼlumotlarni qanday himoyalash kerak?
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 15 million Oʻzbekiston fuqarosining shaxsga doir maʼlumotlari “Dark Web”ga sizdirilgani bilan bogʻliq xabarlar keng tarqaldi. Turli ommaviy axborot vositalari xakerlar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning rasmiy veb-saytidan olganini daʼvo qildi.
Mazkur holat yuzasidan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirining rasmiy sahifasida shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi boʻyicha hech qanday xavotirga oʻrin yoʻqligi maʼlum qilindi.
“Roʻyxatga olish jarayonida toʻplangan barcha maʼlumotlar alohida serverlarda shifrlangan holda xavfsiz saqlanmoqda. Maʼlumotlar milliy axborot xavfsizligi talablariga muvofiq qatʼiy muhofaza ostida saqlanmoqda va tashqi manbalar orqali sizib chiqishi ehtimoli mavjud emas”, — deyiladi munosabatda.
Shuningdek, Kiberxavfsizlik markazi ham mazkur vaziyat yuzasidan maʼlumot berib, hozirda oʻrganish ishlari olib borilayotgani hamda holat boʻyicha qoʻshimcha axborot taqdim etilishini taʼkidladi.
Yuqoridagi kabi holatlar har bir fuqarodan yanada hushyor boʻlishni talab etish bilan bir qatorda, biror tizimga kirishda foydalaniladigan shaxsiy parollarning murakkab boʻlishini ham talab qiladi. Sababi oddiy parollar, jumladan, “12345” yoki tugʻilgan yilingiz kabi sodda login-parollar kiberjinoyatchilar uchun shaxsiy maʼlumotlaringizni oson oʻgʻirlashga imkon yaratishi mumkin.
Tizimlarga kirishda murakkab parol nima uchun kerak?
Murakkab parollar turli kiberhujumlarda muhim himoya hisoblanadi. Oddiy parollarni maxsus dasturlar bir necha soniyada topa oladi. Murakkab parolni (belgilar, raqamlar va turli registrdagi harflar aralashmasi) buzish uchun esa yillar kerak boʻlishi mumkin.
Identifikatsiya xavfsizligi: «My.gov.uz» orqali sizning nomingizdan koʻplab davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Parol kuchli boʻlsa, begonalar sizning nomingizdan ariza bera olmaydi yoki maʼlumotlaringizni koʻra olmaydi.
Zanjirli reaksiya: Agar barcha tizim va saytlarga kirishda bir xil va oddiy parol ishlatsangiz, bitta tizim buzilishi bilan barcha akkauntlaringiz xavf ostida qoladi.
Xavfsizlik boʻyicha 3 ta oltin qoida:
Parol formulasini yarating: Kamida 12 ta belgidan foydalaning. Unda katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilar boʻlsin.
Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing: Parolni bilsalar ham, telefoningizga kelgan kodsiz tizimga kira olishmasin.
Shubhali havolalarga ishonmang: “Sizga subsidiya chiqdi” yoki “Maʼlumotlaringizni yangilang” degan yolgʻon xabarlardagi havolalarni ochib, parolingizni kiritmang!
Shuningdek, nomingizga firibgarlar tomonidan kredit rasmiylashtirilishidan xavotirda boʻlsangiz, «My.gov.uz» portalida “Kredit bitimini tuzishga taqiq qoʻyish” xizmati orqali kredit berilishini cheklab qoʻying.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring