Zarchoʻva xotirani yaxshilashga yordam beradi — tadqiqot

14:41 31 Avgust 2023 Dunyo
1092 0

Kaliforniya universiteti olimlari xulosasiga koʻra, zarchoʻva qoʻshilgan taomni har kuni isteʼmol qilish sogʻlom insonda xotirani yaxshilash va aqliy zaiflik alomatlari bilan kurashishga yordam berar ekan. Bu haqda RIA Novosti xabar beradi.

Bu ziravorining foydali xususiyatlarini aniqlash maqsadida tadqiqot oʻtkazildi. Unda 50 dan 90 yoshgacha boʻlgan 40 nafar ishtirokchida bu jarayon oʻrganildi. Parishonxotirlik va xotiraning yomonlashganidan shikoyat qilgan ishtirokchilar oʻn sakkiz oy mobaynida dori oʻrnida platsebo yoki 90 milligramm kurkuminni (zarchoʻva ildizidan olinadigan modda) kuniga ikki mahaldan qabul qilgan.

Tekshiruv va diqqatni aniqlashtiruvchi test natijalariga koʻra, ularning eʼtibor jamlashi 28 foizga yaxshilangan. Xushboʻy ziravor ular kayfiyatiga ijobiy taʼsir etgan. Ammo bunda ziravorning noxush asorati ham aniqlandi. Kurkumin moddasini qabul qilgan toʻrt kishi qorindagi ogʻriq va koʻngil aynishidan shikoyat qilgan.

Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino bu ziravor borasida shunday yozib qoldirgan: tabiati: “ikkinchi darajaga yaqin issiq va quruq. Xossalari: unda kuchli tozalash xususiyati bor. Uni chaynash tish ogʻrigʻiga foyda qiladi. Zarchoʻvaning shirasi koʻzni oʻtkirlatishga, qorachigʻidagi katarakta va oqni ketkazishga juda foyda qiladi. Tiqilmalardan kelgan sariqqa, ayniqsa uni arpabodiyon bilan ichilsa, foyda qiladi”.

Zarchoʻva qon aylanish tizimini yaxshilash, qandli diabet, boʻgʻim ogʻrigʻi, oshqozon-ichak, shamollash kabi kasalliklarni davolashda juda foydali. Chunki zarchoʻvaning ildizi bu kuchli oksidant, kurkumin deb ataluvchi sariq rangli pigment, shuningdek, kalsiy, temir, yod, fosfor, kalsiy, S va V gruppasiga kiruvchi vitaminlar, efir moyi va boshqa moddalarga boy.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?