Zarbdorda mahallabay ishlash tizimi oʻrganildi

16:17 16 May 2022 Jamiyat
656 0

Foto: Халқ сўзи

Mamlakatimizda xalqimiz turmush farovonligini oshirish, joylarda toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etish uchun mahallabay ishlash tizimining yoʻlga qoʻyilishi aholi bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, tomorqachilikni rivojlantirish, mahallalar va oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, ajrimlar va jinoyatchilikning oldini olish kabi dolzarb vazifalar ijrosi samaradorligini taʼminlamoqda.

— Bugun biz Zarbdor tumanidagi sektor rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining “mahallabay” asosida amalga oshirgan ishlarini tahliliy-tanqidiy oʻrgandik hamda mahallalardagi yoshlar orasidan milliy zaxiraga mos keluvchi kadrlarni tanlab olish boʻyicha ochiq muloqotlar oʻtkazdik, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari Erkin Xalbutayev. — Aytish kerakki, bu borada namuna boʻlayotgan faollarimiz talaygina. Misol uchun, tumanning “Taraqqiyot” MFYdagi hokim yordamchisi Davron Abduvaitovning saʼy-harakati bilan 26 nafar fuqaroga 499 million soʻm bank krediti olishga erishilgan va 41 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Shu mahalladagi yoshlar yetakchisi Iskan Ibragimov tomonidan sport toʻgaraklari, axborot texnologiyalari, til oʻrgatish markazlari tashkil qilinishi natijasida yuzlab yigit-qizlar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish imkoniga ega boʻlgan. Aynan shu yigit Oltinsoy qishlogʻidagi 11-sonli umumtaʼlim maktabiga sport zali qurilishiga ham boshchilik qilgani eʼtirofga loyiq.

Shuningdek, sektorlardagi uchrashuvlarda mahallabay ishlash tizimini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari asosida baholash, ish faoliyatida yuqori natijaga erishganlarni mukofotlash, bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyganlarga jazo choralarini qoʻllash, “Karyera modeli” haqida tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.

Shu kuni tumanda seminar-trening ham boʻlib oʻtdi. Trening mashgʻulotlarida yosh rahbarlarning siyosiy bilimlarini oshirish, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi muammolarini joyida hal qilish, notiqlik sanʼati, ishni boshqarish va toʻgʻri rejalashtirish mavzulari qamrab olindi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?