Zamonaviy sport maydonchalari bor, ammo...

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqandda sportni rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Chekka-chekka mahallalarda sport maydonchalari qurilib, yoshlar ommaviy sportga keng jalb etilayotgani ham eʼtirofga molik.
Sport vazirligi tomonidan 2022-2023-yillarda viloyatdagi mahallalarda 31 ta universal, 36 ta stritbol-vorkaut, 16 ta vorkaut maydonchasi qurilgan. Bu maydonchalar asosan Bulungʻur, Jomboy, Ishtixon, Qoʻshrabot, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Payariq, Past Dargʻom, Samarqand, Toyloq, Urgut tumanlari hamda Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlaridagi mahallalarda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida oʻtkazilgan sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi oʻrinni egallagan yoshlarning mahallasida barpo etildi.
— Joriy yilda viloyatda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” boʻyicha tashkil etilgan yuzga yaqin sport musobaqalari va tadbirlariga qariyb 94 ming nafar aholi jalb qilingan, — deydi viloyat sport boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Roʻziyev. — Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarida 621 ming 461 nafar yoshlarning ishtirok etishi taʼminlandi.
Albatta, sohada muammolar ham yoʻq emas. Aholidan tushayotgan murojaatlar asosida Sport vazirligi hamda viloyat sport boshqarmasi ishchi guruhi sport maydonchalarining qurilish holati, saqlash, undan foydalanishni oʻrganganda mavjud 83 ta sport maydonchasidan 11 tasining holati qoniqarsiz ekanligi aniqlandi. Ularning aksariyati Urgut tumanidagi mahallalarda barpo etilgan. Xususan, tumandagi 13 ta sport maydonchasining 5 tasi qarovsiz ahvolga kelib qolgan. Andak, Zarafshon, Vatak, Kenagas mahallalaridagi sport maydonchalarining rezina qoplamasi yemirilgan. Pastki Kalangar mahallasidagi universal sport maydonchasining ipli toʻrlari yaroqsiz ahvolda. Vaholanki, mazkur sport maydonchalari foydalanishga topshirilganiga koʻp boʻlmagan. Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Doʻstlik, Toyloq tumanidagi Birlik mahallasida barpo etilgan sport maydonchalari xususida ham shunday deyish mumkin. Yaʼni, mazkur hududlarda sport maydonchalaridan unumli foydalanishga eʼtibor berilmagan.
Oʻrganish davomida sport maydonchalarining qurilish holati va sifatiga ham baho berilmoqda. Misol uchun, Past Dargʻom tumanidagi Boldir mahallasida 2023-yilda qurib foydalanishga topshirilgan vorkaut maydonchasidagi ayrim mashgʻulot anjomlarining payvandlash qismi koʻchib tushgan. Qurilishidagi kamchiliklar yuzasidan qurilish tashkiloti mutasaddilariga koʻrsatma berilgan. Kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.
Aytish joizki, sport maydonchalarini saqlash va undan foydalanish uchun nafaqat hududdagi sport maktablari mutasaddilari, balki mahalladagi yoshlar yetakchilari, jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari ham masʼul hisoblanadi.
Bugungi kunda viloyatda 65 ta sport tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda. Sport turlari boʻyicha viloyatdan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga 1421 nafar, asosiy tarkibga 949 nafar, zaxira tarkibga 472 nafar sportchilar qabul qilingan. Bu milliy terma jamoa tarkibining qariyb 10 foizdan ortigʻini tashkil qiladi.
Joriy yilning besh oyi davomida viloyat sportchilari Oʻzbekiston chempionatida 956 ta, jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 176 ta medalni qoʻlga kiritdi.
Ammo viloyatdagi ayrim sport federatsiyalarda amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalarni qoniqarli deb boʻlmaydi. Jumladan, dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari yaxshi natija koʻrsatayotgan boʻlsa, basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, qilichbozlik, ot sporti, voleybol, sportning texnik va oʻq otish, tennis, badminton, regbi federatsiyalari qoniqarsiz natija qayd etmoqda. Shuningdek, keyingi yillarda penchak silat, kikboksing, shotakan karate, oʻzbek jang sanʼati federatsiyalari Oʻzbekiston milliy terma jamoalari tarkibiga sportchi yetkazib bermayapti. Federatsiyalardagi ushbu muammolar soha masʼullari ishtirokida muhokama qilinib, topshiriqlar ijrosi nazoratga olingan.
— Viloyatda sport sohasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsion holatlarning oldini olish, davlat byudjeti mablagʻlaridan samarali foydalanish, ortiqcha ovoragarchilikka barham berish maqsadida sohadagi 24 ta yoʻnalishni qamrab olgan “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgan, — deydi Sh.Roʻziyev. — Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini shakllantirish uchun boshqarmamizda korrupsiyaga qarshi kurashish jamoatchilik tuzilmasi ish olib boryapti. Ammo shunga qaramay, sohada maʼmuriy kadrlarni tanlash, ish haqlarini hisoblash va toʻlash, sport taʼlim muassasalariga oʻquvchilarni qabul qilish, sport muassasalarining moddiy-texnik taʼminoti, trener-oʻqituvchilarga malaka toifasi hamda sport pasporti berish bilan bogʻliq qonunbuzilishlar uchramoqda. Xususan, yaqinda Toyloq, Payariq va Narpay tumanlaridagi sport muassasalarida shu kabi holatlar kuzatilgan boʻlsa, respublika ishchi guruhining oʻrganishi natijasida Qoʻshrabot, Nurobod va viloyatning yana bir qancha tumanlarida “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarini tashkil qilish, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarini olish hamda seleksiya ishlari bilan bogʻliq muammo va kamchiliklar aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf qilish va ijrosini taʼminlash yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berilgan.
Biz joriy yil yakuniga qadar viloyatdagi taʼmirtalab sport inshootlari manzilli dastur asosida nechtasi bosqichma-bosqich taʼmirlanayotgani va foydalanishga topshirilishini kuzatib boramiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring