Zamonaviy kadrlar tayyorlashga kirishildi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. 2025-yilda Qashqadaryo viloyatida 600 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi reja qilingan. Ularning asosiy qismi 3,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hamda tadbirkorlar loyihalari hisobidan amalga oshiriladi. Investitsiyalarning 80-85 foizi zamonaviy texnologiyalar koʻrinishida kirib keladi. Demakki, rejadagi ish oʻrinlari yaratilgani bilan u yerda hamma ham ishlab ketolmaydi. Buning uchun zamonaviy texnologiyalarni tushunadigan, bilimli, malakali kadrlar zarur.
Xoʻsh, ayni paytda viloyatdagi yoshlarni kasb-hunarga tayyorlovchi muassasalar shu jihatga eʼtibor qaratayaptimi? Ularda tayyorlanayotgan mutaxassislar bugun mehnat bozoridagi raqobatga qanchalik dosh beradi?
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning professional taʼlim muassasalari direktorlari bilan oʻtkazgan uchrashuvida mana shunday ogʻriqli masalalar muhokama qilindi.
— Qoʻlida kasbi, hunari boʻlmagan yoki til bilmagan oʻgʻil-qizlarimizning kambagʻallik qopqoniga tushib qolmasligiga kafolat yoʻq, — deydi Murotjon Azimov. — Yoshlarni zamona talabidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga tayyorlash professional taʼlim muassasalari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Bugun viloyatda ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻygan, professionallashuv jihatidan ham, moliyaviy imkoniyatlar borasida ham jadal odimlayotgan, dual taʼlim asosida oʻqitishni 60-70 foizga yetkazgan kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar bor. Biroq aksariyat professional taʼlim muassasalarida qator kamchiliklar yigʻilib qolgan. Masalan, ularda tayyorlanayotgan koʻpchilik kasblar bugungi kun talabiga javob bermaydi. Mutaxassislar tayyorlashda mehnat bozoridagi talab inobatga olinmagan. Natijada kollejni tamomlagan mutaxassis oʻziga munosib ish topolmaydi.
Yigʻilishda viloyatdagi professional taʼlim muassasalarining oʻttiz foizdan oshigʻi yarim koeffitsiyent bilan ishlayotgani, ularda yangilikka intilish, rivojlanish yoʻqligi aniq misollar asosida tahlil qilindi. Bu muassasalar yoshlar orasida taʼlim jihatidan oʻz jozibadorligini yoʻqotgani qayd etildi.
Masʼullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun professional taʼlim muassasalarida tayyorlanayotgan kasblar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga tayyorlashni koʻpaytirish, oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shu kuni viloyat hokimi boshchiligidagi masʼullar bir qator professional taʼlim muassasalarida boʻlib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring