Zamindan koinot qadar yuksalayotgan tafakkur yoki fikr qulligidan qutqazilgan avlod haqida

“Boy berilgan avlod”… Nobel mukofoti sohibi Ernest Xeminguey “Quyosh baribir chiqaveradi” romanida ushbu mashhur iborani ishlatgandi. Oradan bir asr oʻtibdiki, mazkur hikmatli soʻzlar bemaʼni va samarasiz urushlar, yolgʻon siyosiy qutqular girdobiga tortilgan avlodlarning bekor ketgan umri va faoliyatining timsoliga aylandi.
Fransuz faylasufi Rene Dekart “Men fikrlayapman — demak, yashamoqdaman”, degani bejiz emas. Inson jamiyat taraqqiyotiga faqat fikrlash, yangilik yaratish orqali erishadi. Fikrlash tugashi bilan taraqqiyot ham toʻxtaydi.
Yaqin tariximizda bir necha avlodlarni boy berganimizni, orzu-istaklarini poymol etganimizni tan olishimiz kerak. Buning natijasida jamiyatda fikrsizlik, manqurtlik sindromi paydo boʻldi. Isteʼdodni, bilimni qadrsizlantirish avj oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yili xalqqa qilgan ilk Murojaatida davlat va xalq oʻrtasida yoʻqolgan ishonchni qaytarish kerakligini alohida taʼkidlagandi. Bu daʼvatda boy berilgan avlodlarning orzu-umidlari mujassamlashgan.
Oʻshlarga Prezident Shavkat Mirziyoyev qaytarib bergan fikrlash tuygʻusi nimalarda namoyon boʻladi?
Nazarimda, Oʻzbekiston yoshlariga fikrlash, orzu-istaklarini erkin ifodalash imkoniyati taqdim etildi. Prezident yoshlarni eshitdi, qalbiga quloq tutdi. Ularni oʻylantirayotgan muammolarni bartaraf qildi, sunʼiy toʻsiqlarni olib tashladi.
Oʻshlar nafaqat majburiy mehnatdan, balki fikr qulligidan qutuldi. Ular turli masalalarni dadil koʻtarishga, talab qilishga, xohish-istaklarini ochiq aytishga oʻrgandi. Zero, davlat va jamiyat navqiron avlodning kuch-qudratiga, fikr va qarashlariga tayansagina taraqqiyot yuz beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga oid islohotlar ijrosini doimiy nazorat qilib bormoqda. Yigit-qizlarimizning jahon boʻylab erkin harakatlanishi uchun barcha imkoniyat yaratildi. Bir paytlar, hatto qoʻshni davlatlarga ham oʻqish, izlanish uchun borishdan hayiqqan Oʻzbekiston farzandlari bugun butun dunyo boʻylab ilm olmoqda, sayohat qilmoqda. Turli nufuzli kompaniyalarda faoliyat koʻrsatmoqda.
Tarixda birinchi marta Prezident Shavkat Mirziyoyev chet el safarlarida vatandoshlarimiz boʻlgan yoshlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qilmoqda.
Toʻgʻrisi, mustaqilligimizning dastlabki 25-yilida bunday yoshlarga turli ayblar qoʻyardik. Natijada xorijda oʻqib, ishlayotgan yoshlarimiz uchun Vatan darvozalari yopilgandi. Ota-onalari, yaqin qarindoshlari tazyiq ostiga olinardi.
Bu bilan biz yutqazdik. Xeminguey iborasi bilan aytganda, bir necha avlodlarni boy berdik.
Bugungi yoshlarga havasimiz keladi. Oʻqish va izlanish uchun barcha imkoniyat bor. Samarqand davlat universitetiga juda koʻplab xorijiy mamlakatlarning oliy oʻquv yurtlari rektorlari tashrif buyuradi. Imzolangan memorandumlarda talabalar va yosh olimlar almashinuviga alohida eʼtibor qaratiladi. Ulardan faqat oʻz mutaxassisligi va chet tilni bilish talab etiladi. Qolgan barcha xarajatni hamkorlarimiz oʻz zimmasiga oladi.
Qani endi yosh boʻlsam-da, Yevropada, AQSH, Yaponiya, Xitoyda oʻqisam!.. Dunyo taraqqiyotini, tajribasini oʻrgansam. Oʻzbekistonga kelib bilganlarimni hayotga tatbiq qilsam.
Oʻshlarimizga, ota-onalarga, oʻqituvchilariga murojaat etgim keladi.
Yaxshi yashashni xohlaydigan xalq bolalarini yaxshi oʻqitishi kerak. Keksalikda hurmat va eʼtibor, gʻamxoʻrlik istaydigan ota-ona farzandlariga yaxshi tarbiya berishi lozim. Taraqqiyotni, rivojlanishni, yuksalishni maqsad qilgan millat bor kuch-qudrati, jon-jahdi bilan ilm egallashi, qoʻlidagi barcha sarmoyasini oʻqishga, oʻqitishga sarf qilishi zarur.
Kambagʻallikni ham bartaraf etuvchi bosh omil — ilm-maʼrifat. Yaxshi oʻqigan bola butun oilani kambagʻallik botqogʻidan olib chiqadi, boyib ketish imkoniyatini yaratadi. Barcha muammolarning yechimi bilimdir!
Prezidentimizning yoshlar taʼlim-tarbiyasi borasida koʻrsatgan gʻamxoʻrligi, yaratgan imkoniyatlari, siyosiy irodasi Samarqand davlat universiteti yosh olimlari, talabalari erishayotgan yuksak natija va intilishlarda ham bor boʻyicha namoyon boʻlayotir.
Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan SamDU Muhandislik fizikasi instituti talabasi Ozoda Inoyatullo 17 yoshida BMT Xalqaro UNICEF jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan “UNICAT” loyihasida qatnashib nanoyoʻldoshlardan uchtasini stratosferaga uchirishga muvaffaq boʻldi. U “DAAD” grant dasturi asosida Germaniyaning Bilefeld universitetida va Rossiyaning Dubna shahridagi Birlashgan yadroviy tadqiqotlar institutida oʻtkazilgan “START” talabalar dasturida ham ishtirok etdi.
Ozoda Inoyatulloning erishgan muvaffaqiyati oʻzbek yoshlarining bilim va tafakkuri zamindan to koinot qadar yuksalayotganini koʻrsatadi.
Samarqand davlat universiteti tadqiqotchilari Otabek Umarov Vengriyaning Debresen universitetida, Shahboz Hasanov Xitoy Fanlar akademiyasining Zamonaviy fizika institutida, Dilshod Hakimov Belarus Milliy fanlar akademiyasi Birlashgan energiya va yadro tadqiqoti institutida PhD dissertatsiyasini himoya qildi.
Oʻzbek fani erishayotgan yuksak natijalar jahon boʻylab eʼtirof qilinayotgani har birimizga faxr-iftixor bagʻishlaydi.
SamDU Biokimyo instituti yosh oʻqituvchi va tadqiqotchilari Temur Koʻshatov, Sardor Shakarov, Shuhrat Gʻaybullayev saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish mavzuidagi amaliy loyihada, Muhandislik fizikasi instituti doktoranti Alisher Nurimov, tadqiqotchilar — Anatoliy Ivanov, Ilzar Xairov, magistrant Samariddin Abduqayumov, talabalar — Lola Rizaqulova, Ozoda Inoyatullo kvant nuqtalarining optik xususiyatlarini sintez qilish va tadqiq etish mavzuidagi amaliy loyihalarda qatnashmoqda.
Asosiy maqsadimiz — ilm-fanda avlodlar davomiyligini taʼminlash, ilmiy maktablar anʼanalarini saqlab qolish, xalqaro grant va loyihalarda yoshlar ishtiroki muntazamligiga erishish.
2024-yili Samarqand davlat universiteti doktoranti Hojimurod Normurodov 28, Baxtiyor Ahmedov va Nodirjon Hushvaqtov 29 yoshida, Dilzodaxon Mirzayeva, Umida Ubaydullayeva ham muddatidan oldin PhD dissertatsiyalarini himoya qildi. Yaʼni yoshlarning intilish va izlanishlariga keng yoʻl ochib berildi. Kelgusida universitetimizdan 25 yoshgacha PhD lar, 30 yoshgacha boʻlgan DSc lar yetishib chiqishiga ishonamiz.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlari mevalaridir.
SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti bitiruvchilari — Diyor Musurmonov, Sardor Ahatov, Faxriddin Atavullayev dunyo reytingida “TOP — 100”talikdan oʻrin olgan Italiyaning Bolonya universiteti, Akmal Mamatqulov hamda Sadoqat Toʻxtayeva Vengriyaning Qishloq xoʻjaligi va hayot fanlari instituti magistraturasida oʻqishini davom ettirmoqda. Bu kabi ibrat qilib koʻrsatishga munosib talabalarimizni yana koʻplab keltirish mumkin.
Prezidentimiz olimlar, taʼlim sohasi vakillari bilan uchrashuvlarda doimo bizning oldimizga jahon ilm-faniga integratsiyalashish vazifasini qoʻyib kelmoqda. Bu oʻrinda faqat baʼzi misollarni keltirdik. Aslida oliy taʼlimning magistratura va doktorantura bosqichlarini Yevropa, AQSH, Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya hamda Yaponiyaning eng nufuzli oliy oʻquv yurtlari va ilm-fan markazlarida davom ettirayotgan yana koʻplab yoshlarimiz borligini alohida aytish joiz.
Samarqand davlat universiteti professor-oʻqituvchilari 2024-yilda “Scopus” va “Web of Science” maʼlumotlar bazalaridagi nufuzli ilmiy jurnallarda 545 ta maqola eʼlon qildi. Biz “Hirsh indeksi” yuqori boʻlgan olimlarimiz oldiga yosh tadqiqotchilar bilan hamkorlik qilish, hammualliflikda maqolalar tayyorlash va chop etish, ularda ilmiy izlanishlar olib borishga havas uygʻotish vazifasini qoʻyganmiz. Buning natijasida yosh olimlar Rayhonbek Eshbekov, Noila Jumaqulova, Dilshod Moʻminov, Guljahon Eshbekova, Akbar Rashidov, Jaloliddin Fayzullayev ham ustozlari bilan hamkorlikda qator maqolalar nashr qildirdi.
2024-yili universitet doktoranti Habiba Abdiyeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga sazovor boʻldi. Yosh olim muddatidan oldin PhD dissertatsiyasini himoya qildi.
Samarqand davlat universiteti ilgari surayotgan ilmiy konsepsiyada ilm-fan yoʻnalishida xotin-qizlar faolligini yanada oshirish, alohida gʻamxoʻrlik qilish va shart-sharoitlar yaratib berish koʻzda tutilgan. Keyingi uch yilda xotin-qizlar oʻrtasida ilmiy daraja va unvonlar olish foizi keskin koʻtarilganini koʻramiz.
Eʼtibor bering: oliygoh talabasi Navbahor Hamidova 23 yoshida Parijdagi yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etdi. Boks boʻyicha Tailandda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Magistrant, “Shuhrat” medali sohibasi Uljon Amriyeva 25 yoshida yozgi Paralimpiya oʻyinlarida qatnashdi. Germaniyada oʻtkazilgan para-dzyudo boʻyicha xalqaro Gran-pri turnirida oltin medalga sazovor boʻldi. Talabamiz Urganchbek Egamnazarov 24 yoshida Parij mezbonlik qilgan yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etdi...
Yutuqlarni eʼtirof qilish, natijalarni tahlil etish foydadan xoli emas.
Bu yutuqlarning muallifi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir.
Taʼlim-tarbiya, ilm-fan borasida katta hayot tajribasiga egaman. Agar Prezident bosh islohotchi boʻlmasa, Vatanini, xalqini sevmasa, bugungidek taraqqiyotga mutlaqo erishib boʻlmaydi.
Bu oʻrinda birgina universitetga daxldor raqam va maʼlumotlarni keltirdik. Butun mamlakat miqyosida olib qaralsa, yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarning chek-chegarasi yoʻqligiga guvoh boʻlamiz.
AQSHning ikkinchi Prezidenti Jon Adamsning asrlar osha yashayotgan mashhur fikri bor: “Xalqimning erkinligi va kelajagi men uchun eng oliy qadriyatdir”. Ulugʻ siyosatchi bu oʻrinda kelajak deganda yoshlarni nazarda tutgan, albatta...
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Mirzo Bobur – buyuk imperiya asoschisi
- Navoiy viloyatida 2025-yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish masalalari muhokama qilindi
- Prezident “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” IV xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring