Zalvorli ijodiy mehnatlar mahsuli
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tashkil etilganining 30 yilligiga bagʻishlangan “Hamisha xalq bilan hamnafas” albomi hamda tahririyat kutubxonasi seriyasi ostida chop etilgan “Xalqning yuragiga yoʻl” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, taniqli jurnalistlar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalar qatnashdi. Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlaridan va xorijdan media soha vakillari, ijodkor ziyolilar ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yangicha sharoitlarda, erkinlik muhitida ijod qilish “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari jamoasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Chunki mana 30 yildan oshdiki, ushbu nashrlar Oʻzbekiston matbuotining flagmani oʻlaroq mamlakatda kechayotgan islohotlarni, qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar va qarorlarni, ularning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdek sharafli ishni amalga oshirib kelmoqda.
Darhaqiqat, gazetalarda chop etilgan yangilik va reportajlar, intervyu va sharhlar, ocherk va felyetonlar — son-sanoqsiz turli janrdagi materiallar oʻtgan yillar mobaynida oʻquvchilar eʼtirofiga sazovor boʻldi. Mazkur nashrlar bugun ham auditoriya bilan ishonchli muloqot oʻrnatgan. Gazetalar sahifalaridan oʻrin olayotgan xalq fikri, mutaxassislar tahlil va sharhlari nafaqat bugungi kunning manzarasini yaqqol koʻrish, balki kelajakni yorqin tasavvur qilish imkonini beradi.
Aytish mumkinki, mazkur nashrlar har doim oʻquvchilarni sezgirlik bilan tinglaydi. Agar tashvishli signal kelib tushsa, ular, albatta, oʻtkir maqolalar uchun sabab boʻladi. Bu esa turli darajadagi rasmiylarning muqarrar reaksiyasi bilan yakun topadi. Muxbirlar tomonidan tayyorlangan tanqidiy materiallar yuzlab fuqarolarning zarur muammolariga hokimiyat organlari eʼtiborini jalb etgan, jamiyatda kuchli aks-sado bergan holda ularni bartaraf etishga yordamlashgan.
Gazetalar jamiyatda madaniyatni rivojlantirishda katta rol oʻynamoqda. Nafaqat til musaffoligini saqlashga, balki uning qudrati va soʻzlar maʼnosini adabiy til qoida va normalariga toʻla rioya etgan holda boyitishga xizmat qilmoqda. Bu — oʻquvchilar oldidagi oʻziga xos masʼuliyat hissi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.
Tahririyat jamoasi rostgoʻylik, mulohazakorlik, halollik va burchga sadoqatni asosiy tamoyili deb biladi. Oʻzbekistonga pandemiya kirib kelgan paytda, “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» favqulodda murakkabliklar, nomaʼlum virus qarshisidagi qoʻrquvlarga qaramay, chiqishdan toʻxtamagan kam sonli gazetalardan boʻldi. Tibbiyotchilar, huquqni muhofaza qilish organlari bilan bir qatorda jurnalistlar, muharrirlar, musahhihlar, sahifalovchilar — ijodiy va ishlab chiqarish jarayonida qatnashayotganlarning barchasi sevimli ishlaridan voz kechmadi, chinakam qahramonlik namunalarini koʻrsatdi.
Sohada kadrlarni tayyorlashga ham tahririyat oʻzining muayyan hissasini qoʻshmoqda. Bir necha oʻnlab talabalar, magistrlar hamda soʻz ijodkorligiga befarq boʻlmagan oddiy yigit-qizlar jurnalistik mahorat maktabida tahsil oldi. Ular tahririyat ishidagi oʻziga xoslik, jurnalistik materiallarning mumtoz namunalari bilan tanishib, kelgusi ishlarida baza vazifasini oʻtaydigan bilim va mahoratlarini boyitishdi.
Taʼkidlash kerakki, keyingi yillarda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi biror muhim voqelik tahririyat jurnalistlarisiz kechmayapti. Oliy darajadagi tadbirlardan jonli reportajlar, ular ortidan tahliliy materiallar, qatnashchilardan intervyular — nashrlarning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi Oʻzbekiston — yangi parlament” formulasi va “Islohotlar tashabbuskori —jamiyatning oʻzi” prinsipidan kelib chiqib, tahririyat jamoasi Oliy Majlis palatalari faoliyatini, koʻp millionli oʻzbekistonliklarning xohish-irodasini ifodalovchi turli darajadagi xalq vakillarining faoliyatini yoritishda gʻayrat-shijoat koʻrsatib kelmoqda.
Gazetalar oʻzining koʻp tilli veb-saytiga ega, “Facebook” va “Instagram«da, “Telegram” messenjerida, “Youtube” videoxostingida oʻz akkauntlarini rivojlantirib bormoqdaki, bu auditoriya qamrovini birinchi navbatda yoshlar hisobiga kengaytirish, ular bilan mustahkam aloqa oʻrnatish imkonini bermoqda.
Yubiley munosabati bilan chop qilingan “Hamisha xalq bilan hamnafas” nomli albomda oʻtgan yillar davomida tahririyatda faoliyat yuritgan va bugungi kunda ishlab kelayotgan jurnalistlarning fidokorona mehnati aks etgan. Unda nafaqat tahririyat faoliyati, balki mamlakatimizda yuz berayotgan olamshumul oʻzgarishlar ham oʻz ifodasini topgan. Zero, tahririyat faoliyati mamlakatimiz taraqqiyoti bilan chambarchas bogʻliqdir.
Prezidentimizning siyosiy irodasi, ezgu tashabbuslari tufayli yurtimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqning yuragiga yoʻl, avvalo, inson qadrini ulugʻlashdan boshlanadi. Yangi Oʻzbekiston yoʻli bu — xalqning yuragiga eltuvchi yoʻldir. Bu nurafshon yoʻlda insonlarda kelajakka ishonch uygʻotib, ularni bunyodkorlik va yaratuvchanlikka ruhlantiruvchi ulkan kuch mavjud. “Xalqning yuragiga yoʻl” toʻplamidan joy olgan, soʻnggi yillarda “Xalq soʻzi” sahifalarida chop etilgan dolzarb mavzulardagi maqolalarda ana shunday ruh bor. Maqolalarda yangi Oʻzbekiston poydevorini qurish yoʻlida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning tafsilotlari qiyosiy yoritilgan. Ularda mualliflar yaqin yillarda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan dolzarb maqsad-vazifalar hamda yechimini kutayotgan muammolar haqida mushohada yuritishgan. Kitobni oʻqib, mulohaza qilib, jahon minbarida Oʻzbekiston ovozi yangrashiga olib boradigan, barcha drayver sohalarda zafarlarga eltadigan oʻziga xos “yoʻl xarita”si koʻz oldingizda gavdalanadi. Yurt ravnaqi, xalq turmushi farovonligi qanday mezon va omillarga bogʻliqligini chuqur his qilasiz. Istiqbolli ulkan maqsadlar sizni yanada oldinga yurishga undaydi.
Taqdimotda yangi nashrlar tahririyatning oʻtgan yillardagi zalvorli mehnatidan dalolat berishi qayd etildi. Shu bilan birga, jamoani yangi ijodiy marralar sari ruhlantirishi taʼkidlandi.
“Xalq soʻzi”.
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring