“Zakovat bilan yurtni jahonga tanitmoqchiman”

13:30 26 Dekabr 2024 Jamiyat
184 0

Shaxmatchilar oilasida tugʻilganman. Xalqaro FIDE ustasi, “Shuhrat” medali sohibi, amakim Mamatqul Xaylayev mening ilk ustozim hisoblanadi. Amakim rahmatli 5 yoshimda menga shaxmat sir-sinoatini oʻrgatishni boshlagandi. Ayni u kishining saboqlari tufayli shaxmat sohasida oʻz oʻrnimni topib boryapman. Yosh boʻlsam-da, hozirda Sirdaryo viloyati shaxmat federatsiyasining treneri, shaxmat boʻyicha sport ustaligiga nomzodman.

Yakunlanayotgan yilda shaxmatga qiziqadiganlarga saboq berishni ham boshladim. Hozirda 60 nafardan ortiq yoshga murabbiylik qilaman. Shu bilan birga, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasiman. Ushbu maskanda shaxmat boʻyicha chuqur nazariy va amaliy saboq olyapman. Shu oʻrinda aytish joizki, shaxmatning oliy taʼlim yoʻnalishlaridan biri sifatida oʻqitilishining yoʻlga qoʻyilganligi yurtimizda mazkur sport turini yanada rivojlantirishda katta qadam boʻldi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi ”Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandan soʻng shaxmatning mamlakatimiz sport hayotidagi ahamiyati yanada oshdi. Xususan, soʻnggi yillarda shaxmatni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, uning bolalar oʻrtasida tobora qiziqarli mashgʻulotga aylanib borayotganligi tahsinga loyiq. Bunga “Maktabda shaxmat” loyihasi ishtirokchilari koʻpayib borayotganligi ham dalolatdir.

Shuni faxr bilan aytamanki, bundan necha yuzlab yillar oldin ham yurtimizda shaxmat ajdodlarimizning eng sevimli sport turi boʻlgan. Jahon shaxmat tarixida Vatanimizning ham munosib oʻrni bor. Ayni paytda Yangi Oʻzbekistonimiz boshqa koʻplab sport turlari qatorida shaxmatda ham dunyoning yetakchi mamlakatlari safidadir. Bugun shaxmat bilan minglab yoshlarimiz katta ishtiyoq bilan shugʻullanmoqda. Yaqin yillarda jonajon Vatanimiz nomini eng yuqori natijalar bilan sharaflaydigan koʻplab yuqori salohiyatli shaxmatchilar yetishib chiqishiga ishonaman. Kelgusida zakovat bilan yurtni jahonga tanitmoqchiman.

Samandar JUMAYEV,

Sirdaryo viloyati shaxmat federatsiyasi treneri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер