Yurt mustaqilligining 34 yilligi arafasida qalbdan kechgan tuygʻular

11:53 04 Avgust 2025 Jamiyat
118 0

Foto: Arxiv surat

Odatda kunlik ish faoliyatimni gazeta oʻqish bilan boshlayman. Men uchun gazeta axborot manbasidan koʻra, fikrlash, tahlil qilish va hayotga boshqacha nazar bilan qarashga undaydigan tajriba hisoblanadi. Gazeta orqali nafaqat yangilik, balki jamiyat, inson va Vatan haqidagi chuqur fikrlar bilan ham tanishasiz. Axborot sayti yoki ijtimoiy tarmoq sizga fakt beradi, lekin gazeta — fikr, mazmun va taʼsir bagʻishlaydi. Ayrim maqolalar borki, oʻquvchini oʻtmishga nazar tashlab, kelajak haqida chuqur mulohazaga chorlaydi.

Bu gal ham shunday boʻldi. “Xalq soʻzi” gazetasini varaqlar ekanman, birinchi sahifadagi Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻzim tushdi. Qaror matnini diqqat bilan oʻqidim. Unda aytilganidek, aynan mustaqillik — siyosiy-huquqiy kafolatlar asosi sifatida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish, jamiyatda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, inson qadri va manfaatlarini taʼminlash yoʻlida tayanch boʻlib xizmat qilmoqda.

Qarorda taʼkidlanganidek, milliy istiqlolimizning 34-yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu gʻoya asosida, yuksak saviyada nishonlanishi belgilangan. Chunki “Istiqlol” soʻzi — xalqning yuragidagi umid, tarixdagi kurash va erkin kelajakka boʻlgan ishonch timsolidir.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, soʻnggi sakkiz yilda “Yangi Oʻzbekiston”ni barpo etish borasidagi keng koʻlamli islohotlar samarasida ijtimoiy-siyosiy manzara tubdan oʻzgardi. Yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 110 milliard dollardan oshdi, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, muqobil energiya manbalarini joriy etish boʻyicha ulkan loyihalar amalga oshirildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda belgilab berilganidek, Oʻzbekiston inson qadri ustuvor boʻlgan ijtimoiy davlatga aylanib bormoqda. Bandlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, ehtiyojmand qatlamni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari ijobiy natijalar bermoqda. Qishloq va shaharlarimiz obod boʻlmoqda, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yangi Oʻzbekiston” uy-joy dasturlari amalda.

Shu kabi islohotlar notarial sohani ham chetlab oʻtmadi. Ilgari idoradan idoraga yurish talab etilgan boʻlsa, bugun “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali koʻplab xizmatlar elektron shaklda amalga oshirilyapti. “E-notarius.uz” portali orqali ishonchnoma rasmiylashtirish, meros arizasi yuborish, elektron guvohnoma olish imkoni yaratildi. Shuningdek, “my.gov.uz” yoki “E-notarius.uz” orqali fuqarolar uylaridan chiqmagan holda notarial xizmatlarga murojaat qilmoqda. Bu esa ham vaqt, ham mablagʻni tejashga xizmat qilyapti.

Gazetani varaqlar ekanman, yaqinda notarial idoramizga kelgan nuroniy otaxon bilan boʻlgan suhbat yodimga tushdi. Qariyb 90 yoshni qarshilagan u kishi: “Bugungi yoshlar baxtli, chunki ular mustaqil, erkin Vatanda yashayotgan, uning ravnaqi uchun mehnat qilayotgan insonlar”, — deb samimiy fikr bildirgan edilar.

Darhaqiqat, bugungi Oʻzbekiston — faqat mustaqil emas, balki ochiqlik, insonparvarlik va taraqqiyot yoʻlini tanlagan davlatdir. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi, Yangi Konstitutsiya va “Inson qadri uchun” tamoyili mamlakatni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Men notarius sifatida faoliyatimni mustaqillik davrida boshlaganim va bugungi kunda ham yurtdoshlarimizga huquqiy yordam koʻrsatayotganimdan faxrlanaman. Notarius — faqat hujjat rasmiylashtiruvchi emas, balki koʻp hollarda fuqarolarning ishonchli maslahatchisi, adolat va barqarorlik kafolatchisi. Nizolarni oldini olish, kelishmovchiliklarni hujjat orqali bartaraf etish ham notariusning muhim vazifalaridandir.

Advokat va sudya masala yuzaga kelganidan keyin ishga kirishadi. Ammo notarius — ana shunday muammolarni paydo boʻlishidan oldin hal qiladi. Notarius — xalq va davlat oʻrtasidagi ishonch koʻprigi. Bu masʼuliyatli vazifani sidqidildan bajarayotganim menga iftixor bagʻishlaydi.

Notarius boʻlish uchun bilimning oʻzi kam. Bu kasb sabr, xolislik, qonunga sadoqat va insonga hurmatni talab qiladi. Baʼzan tuygʻularni chetga surishga, baʼzan bir necha kunlik ishni bir kunda qayta koʻrib chiqishga toʻgʻri keladi. Bir shartnoma — yuz millionlik bitim boʻlishi, bir ishonchnoma — ota-onaning farzandiga boʻlgan ishonchi, bir vasiyatnoma — avlod taqdirini belgilashi mumkin.

Ha, har bir hujjat ortida inson taqdiri turibdi. Va men ana shu taqdirlarga masʼuliyat bilan yondashishga harakat qilyapman.

Muxlisa PATTAYEVA,

Shahrisabz tumanida xususiy amaliyot

bilan shugʻullanuvchi notarius

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер