Yozuvchi Sobir Oʻnar xotirlandi

20:13 23 Fevral 2024 Madaniyat
393 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Doʻstlik” ordeni sohibi, yozuvchi Sobir Oʻnar tavalludining 60 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yozuvchining yaqinlari, oila -azʼolari hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Professor Qozoqboy Yoʻldoshev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Abdusaid Koʻchimov va boshqalar soʻzga chiqib Sobir Oʻnarning oʻzbek adabiyotida tutgan oʻrni, hayoti va ijodi haqida gapirishdi, iliq xotiralar yodga olindi.

— Sobirjonning birinchi xususiyati uning samimiyati edi, — dedi yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad. — Oʻziga yarashadigan begʻubor tabassumi bor edi. Biror marta biror davrada oʻzini koʻrsatish, boshqalardan ajralib turish uchun xatti-harakat qilganini sezmaganman. Zabardastligi bilan muloyim tabassumi bir-biriga judayam mos tushardi. Badiiy asarlaridayam, publitsistik asarlaridayam, adabiyotshunoslikka oid chiqishlaridayam mana shu samimiyati koʻzga tashlanib turardi.

Sobir Oʻnarning qissa va hikoyalarida sof insoniy tuygʻular, turli qiyofali, har xil taqdirli insonlarning gʻaroyib ifodalari aks etganini koʻrasiz. Xoh pok, begʻaraz sevgi, xoh murakkab kechmishga ega odamlar toʻgʻrisida yozmasin, Inson ismli zotning maʼlumligi, masʼulligi bilan birga irodasi balqib turadi.

Tadbirda Sobir Oʻnarning “Saylanma”si va “Sobir Oʻnar zamondoshlari xotirasida” kitobi chop etilgani aytildi. Bu esa adib tavalludiga munosib sovgʻa boʻldi.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер