Yozuvchi hayot va ijod yoʻlining yangi dovoni
Bugun — yozuvchi Shoyim Boʻtayev tavallud topgan kun
Taniqli yozuvchi Shoyim Boʻtayev bugun 64 yoshga toʻldi. Qissa va hikoyalar, romanlardan iborat oʻnlab kitoblari oʻquvchilar koʻnglidan joy olgan adib bugun ham samarali ijod qilmoqda. Uzoq yillardan buyon “Xalq soʻzi” gazetasi tahririyatida faoliyat yuritib kelyapti.
Yozuvchi asarlarining til va uslubi sodda, xalqona va ravon. Ularda inson ruhiyatining turli manzaralari, olijanoblik, oqkoʻngillik, samimiyat, iymon-eʼtiqodda sobitlik kabi umuminsoniy fazilatlarning, ezgulikning abadiyatga daxldorligi tasvirlanadi. Adib oʻz asarlari magʻziga, kompozitsiyasiga afsonayu asotirlarni, rivoyatlarni singdirib yuborishi esa ularning oʻqishliligini yanada oshiradi.
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati jamoasi Shoyim Boʻtayevni tavallud ayyomi bilan qutlab, unga mustahkam sihat-salomatlik, uzoq umr, xonadonidan fayzu baraka sira arimasligini tilaydi. Hayot va ijod yoʻlining yangi dovonida yuksak ijodiy marralar yor boʻlsin!
Quyida adibning ijodidan namuna taqdim qilinmoqda.
URUGʻ
(hikoya)
Yilqiboy Toʻxliyevning Ilash degan akasi boʻlgan ekan. Podachilik qilib, podaga eshak, echkilarni ham qoʻshib boqavergan ekan.
Yilqiboy uni koʻrmagan.
Bir kuni tuman qalin tushganida Naimning xoʻtigi podadan qaytmapti. Naim Yilqiboylarning uylariga uch-toʻrt marta kelipti, Ilashni holi-joniga qoʻymapti, otalaringning quloq boʻlib ketgani senlarga kammidi, deb doʻq-poʻpisa ham qilipti. Ilash eshagini minib, Naimning xoʻtigini qidira ketipti. Shu-shu, dom-daraksiz ketgan ekan.
— Togʻa, nonga qarang…
Xayol surib oʻtirgan Yilqiboy seskanib boshini koʻtardi.
Hamma dasturxondan bir nima qidirayotgandek, unga jim-dim tikilib oʻtirardi, dasturxonda nondan boʻlak hech vaqo yoʻq edi.
Yilqiboy koʻzlarini qisib, lablarini yigʻib oldinga choʻzdida, oʻylab oʻtirgan fikrini tiliga chiqardi:
— E, begonaning…
Davraning toʻrida siyrak soqolini ozgʻin barmoqlari bilan siypalab oʻtirgan yetmish yoshlardagi bir chol soʻz demay, hayron boʻlayotganday unga ogʻzini ochib qaradi.
Yilqiboy soʻzining davomini aytolmay… oʻylab qoldi.
Jiyanlar ilkis choʻchib tushishdi.
Yilqiboy xatosini toʻgʻrilashga majbur boʻldi.
— Pochcha, siz oʻzimizniki… qarindo-osh! — dedi.
Chol ishonqiramayotgandek gʻiltillab turgan koʻzlarini Yilqiboyga yiribroq tikildi. Yilqiboy bu qarashga dosh berolmayotgandek, kichik jiyaniga qarab, shosha-pisha gapirdi:
— Sen, Yozibek, Toshkandga borsang…
— Mayli! — rozi boʻldi Yozibek, nima gap-soʻzligini surishtirib oʻtirmay, lekin birortasiga artist-partist gaplashish kerakdir, degan tusmolda: — oʻzimizning qiziqchilar… — deya endi soʻz ochgan edi, togʻa choʻrt kesdi:
— Artisni boshingga urasanmi hozirgi vaqtda? Gapim gap: aqling boʻlsa, ularning orasiga tushma. Hozir Toshkanga togʻangni olib kelgani borasan.
— Togʻamni?
— Ha. Ilash togʻangni!
Shu mahal ostona tomondan kampirning ohista ingragani eshitildi.
— Akaa-m!.. — bazoʻr sas chiqardi u. — Tiri-ik!..
Boshqa soʻzga holi kelmadi, shilq etib yiqildi.
Cholning koʻzlari pirpiradi.
Togʻa-jiyanlar sarosar oʻrinlaridan turishdi, kampirni suyashdi.
— Opa! — bezovtalanib chaqirdi Yilqiboy. — I-i-i… Sizga nima boʻldi?
Oʻgʻillar uning betiga suv sepishdi.
Kampir sal-pal oʻziga keldi:
— Ayogʻining tagiga siynisi oʻlsin! — dedi.
Yilqiboy hovliqib xato qilganini payqadi.
Shundayam sir boy bergisi kelmay:
— Haa, turing endi! — dedi oʻzini achchiqlanganday koʻrsatib. — Xudo deng, akamizni topib kelaylik…
— Ertayu kech Xudo deyman, oblo deyman, — kampir kaftlarini yozib, tepaga uzatdi. — Tirik ekanini koʻrsam bas edi. Iloyim, Naimning goʻri kuysin, deyman, avlod-ajdodi roʻshnolik koʻrmasin.
Kampir Naimning avra-astarini agʻdarib yana xoʻp qargʻadi, koʻnglini boʻshatib olsin, deb unga indashmadi.
Chol oʻzicha gʻoʻldirab qoʻydi:
— Yurtda odam qolmagach, toʻngʻiz tepaga chiqadi.
Yilqiboy Yozibekning qoʻliga bir jurnal tutqazdi:
— Mana bu yerini oʻqi, — dedi, chamasi, yod boʻlib ketgan sahifani tez-tez varaqlab ocharkan.
Yozibek oʻqidi: “Qadimgi yodgorliklar”.
— Pastrogʻini, — tushuntirdi Yilqiboy. — Shuni yozgan odamning ism-sharifini oʻqi.
Yozibek oʻqidi: “Toʻlqin Toʻxliyev, arxeologiya fanlari nomzodi”.
— Ismi boʻlakchaku! — dedi hayron qolgan katta jiyan, tilining ostiga nosvoy tashlarkan.
— Oʻsha! — dedi kulli ishonch bilan Yilqiboy. — Faqat bu akamning oʻzi emas, uning oʻgʻlimi, nevarasimi boʻlishi kerak. Fan nomzodi deganmi? Hazilakam odammas, shekilli.
— Oʻsha paytlarda Ilash togʻamni oʻn uch-oʻn toʻrt yoshlarda boʻlgan, deysizlar. Nahotki, shu yoshda oʻzining uyini topib kelolmasa? — dedi Yozibek.
— Baribir oʻlgan deysanmi? — dedi Yilqiboy chaqchayib.
— Yoʻgʻ-e!
— Jaa aqllisizlarda, jiyan!
— Qoʻysangizchi…
— Togʻalaringda… oriyat kuchli edi.
Kampir aralashdi:
— Mirzali amakim permaga mudirligida har kuni koʻchada doshqozon osdirib, och-yalangʻochlarga bir kosadan koʻcha oshi berdirtirardi…
— Harom oshi… — deya chol oʻzicha toʻngʻillagandi, uni hech kim eshitmadi, eshitsa ham eshitmaslikka olishdi.
— Qozonning atrofini bola-chaqa bosib ketardi-yey, — davom etardi kampir. — Ilash akam… yaqin yoʻlamadi. Bir kosa yovgʻon keltirib qoʻliga tutqazishdi, olmay turaverdi. Axiyri, ovqatni qaytarib olib ketishayotganida chidolmay yigʻlab yuboruvdi.
Chol mamnun boʻlganday koʻrindi.
— Endi-i, unaqa oriyat-poriyat, nomus-pomus deganlaringiz rasmu rusumdan qoldi, — dedi katta jiyan.
Chol qiya qarab qoʻydi.
— Xoʻtik-poʻtiging bilan qoʻshmozor boʻl, deyishi kerak edi, — deganicha Yozibek akasiga hamfikr ekanligini bildirdi.
Cholning qovogʻi osilib ketdi.
— Elning xizmatidagi odam bunday deyolmaydi, — dedi Yilqiboy negadir boʻshashibgina.
— Elingiz kimidi?
— Buni sizlar bilasizlar! — dedi Yilqiboy rangi gezarib, uning koʻzlarida allaqanday oʻt yonib oʻchdi.
— Bas endi, — dedi gardanini qashiy boshlagan chol toʻng ovozda, hech kimning aftiga qaramay.
Hammalari pusib qolishdi.
— Yoʻqsa, erta-metan yoʻlga chiqaver, — dedi biroz jimlikdan soʻng Yilqiboy Yozibekka qarab. — Qoʻshilishib borardimu aptobusda yurolmayman, koʻnglim agʻdariladi. Mana pul, besh yuz. Yetadimi?
— Qoʻyavering, oʻzimda bor.
— Olaversangchi, taksi-paksiga asqotar.
— Boshqa odam boʻlsachi?
— Baribir olib kelaver. Familiya birku, urugʻdoshda!
— Qizigʻakansiz, togʻa. Shaharliklarning feʼlini bilmaysiz. Ichi torroq boʻlsa, ostonasidan ichkari hatlaganiyam qoʻymas…
— Qoʻyadi! — dedi sobit ishonch bilan Yilqiboy. — Bilib qoʻy, Toʻxliyev u! Toʻxliyevlar uyiga kelgan odamni mehmon qilmay, izzat-ikrom koʻrsatmay joʻnatmaydi.
Cholning qovogʻi osildi.
Yilqiboy ketishga chogʻlanib, chol bilan, opasi bilan xayr-xoʻshlashdi. Jiyanlar uni tashqariga kuzatib chiqishdi.
— Tayyorgarlikni koʻraveray, — dedi Yilqiboy Yozibekka. — Nasib etsa, kelishlaringga katta toʻy qilib yuboramiz.
— Boʻptida…
Katta jiyan ham topshiriq oldi.
Yilqiboy ketdi.
Yomgʻir kuchaydi, tuni bilan tinmadi.
Ertasi kuni quyosh yuz koʻrsatdi.
Chol hovli oʻrtasidagi kundaga oʻtirib, isina boshladi.
Yozibek Toshkentga ketdi.
Chol koʻzlarini qisib quyoshga qaragancha oʻy oʻylashga tushib ketdi.
Oradan ikki kun oʻtgach, Yozibek bir oʻzi soʻppayib, hafsalasi pir boʻlgancha qaytib keldi.
— Topolmadingmi? — deb soʻradi Yilqiboy uni koʻrishi bilanoq, hol-ahvol soʻrashni ham unutgancha, rangi oʻchib jiyaniga umidvor termuldi.
— Topdim… Faqat oʻzini emas, — dedi Yozibek ishshayib.
— Ie!..
— Ishxonasini topdim.
— Uyiga bormadingmi?
— Uyi yoʻq ekan. Munosibroq joy topolmay, har kimlarnikida yotib yurarkan.
— Ie!..
— Komandirovkaga ketganmish, ikki-uch oysiz qaytmasmish…
Yilqiboy indamadi. Uning bu javobdan qanoatlanmaganligi ayon boʻldi.
— Qayerga ketibdi? — deb soʻradi birpasdan keyin.
— Sibirga!
— Ha-ay, jahl qilma…
— Rostini aytyapman.
— U yerda nima qilarkan?
— Bilmadim, bilmadi-im, togʻa, — dedi Yozibek. — Ishxonadagilarning aytishicha, urugʻdoshlarini qidirib ketibdi.
— Ie!.. — Yilqiboyning ogʻzidan yana shu soʻz beixtiyor chiqib ketdi.
— Sibirdagi allaqaysi daryolarning boʻylarida qadim-qadimlardan urugʻdoshlarimiz yashagan ekan, oʻshalarning izlarini qidirib, arxeologik qazishlar olib borgani ketibdi, — deb tushuntirdi Yozibek.
— Ana xolos, bundan chiqdiki, u yoqlar bilan ham aloqamiz bor ekanda, — dedi Yilqiboy.
— Shunaqa, shekilli, — dedi Yozibek va charchab kelganligini bahona qilib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Kechqurun Yilqiboy uyiga mehmon yigʻib, ularga ham ziyofat, ham gurung berardi.
— Ob-bo qistaloq-yey, kelib-kelib bizning urugʻlarimizning izlari Sibirda topilib oʻtirsaya!.. Birovga aytsang, ishonmaydi, Sibir qaydayu Pastqoʻrgʻon qayda?! — derdi u qayta-qayta.
— Oʻsha siz aytayotgan urugʻdoshlaringiz chukchalar boʻlib chiqmasin tagʻin? — deya soʻz qoʻshdi kimdir hazillashgan bir ohangda.
Kulgi koʻtarildi.
— Murod devona ham oʻsha yoqlarga qaysi bir vaqtlar yongʻoq, mayiz olib borib uch-toʻrt yil qolib ketuvdi, qarindoshlarini topib olgan ekanda! — xulosa chiqardi boshqa birov.
— Murod devona bilar ekanda.
Yilqiboy negadir malollandi.
— E, silarmi, — deya qoʻl silkib gʻoʻldiradida, mezbonligini ham unutganday uydan chiqdi-ketdi.
Koʻp oʻtmay mehmonlar ham qoʻzgʻalishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring