Yozgi transferlar oynasida 150 million yevro sarflagan “Real Madrid” bu yil chempion boʻla oladimi?

18:40 22 Avgust 2025 Sport
197 0

Oʻtgan hafta Ispaniyada La Liga musobaqasi start oldi. Madridning “Real” jamoasi dastlabki turda “Osasuna” jamoasi ustidan 1:0 hisobidagi gʻalabaga erishdi.

Bugun Xabi Alonso boshchiligidagi “Qirollik klubi”ning yozgi transferlar oynasidagi harakatlari va bu yilgi imkoniyatlarini tahlil qilamiz.

Kimlar jamoani tark etdi?

2025-yilgi mavsum oldidan “Real Madrid” klubini quyidagi futbolchilar tark etdi:

• Luka Modrich — “Milan”ga erkin agent sifatida oʻtgan;

• Lukas Vaskes — Erkin agent sifatida jamoani tark etdi;

• Xesus Vallexo — “Albasete Balompie”ga erkin agent sifatida koʻchib oʻtdi;

• Alvaro Rodriges — “Elche” klubiga 2 million yevroga sotilgan;

• Mario Martin — “Xetafe” jamoasiga ijaraga berildi;

• Reyniyer — “Atletiko Mineyro” jamoasiga erkin agent maqomida oʻtgan.

Yozgi transferlar oynasida “Real Madrid” jiddiy yoʻqotishlarga uchradi, deb boʻlmaydi. Klub asosan yoshi oʻtgan va jamoa oʻyinidan “tushib qolgan” futbolchilar bilan xayrlashdi. Mario Martinni esa vaqti kelib qayta olish imkoniyati mavjud.

Jamoaga kimlar keldi?

“Qaymoqranglilar” yozda bir qator ajoyib transferlarni amalga oshirdi:

• Din Xuisen — “Bornmut” klubidan 62,5 million yevroga sotib olindi;

• Trent Aleksandr-Arnold — “Liverpul” jamoasidan 10 million yevroga transfer qilindi;

• Franko Mastantuono — “River Pleyt” jamoasidan 45 million yevroga xarid qilindi;

• Alvaro Karreras — “Benfika” klubidan 50 million yevroga transfer qilindi.

Taʼkidlash kerakki, jamoa yozda asosan himoya chizigʻini tartibga soldi. Kelgan futbolchilarning 3 tasi himoya chizigʻi vakili ekani shundan dalolat beradi.

Trent Aleksandr-Arnoldning transferi 10 million yevroga tushdi. “Transfermarkt” portali uni 75 million yevroga baholayotgan edi. Ayni shu xarid “Real Madrid” rahbarlarining muzokara qilish qobiliyati qanchalar yaxshi ekanligini koʻrsatib bera oladi.

Yangi futbolchilar haqida

Alvaro Karreras (22 yoshda, ispaniyalik chap qanot himoyachisi)

Yangilanmoqdagan “Real Madrid”ga aynan shu pozitsiyada raqobat juda kerak edi. Bu yozda bu muammo munosib tarzda toʻldirildi. Shuningdek, ayni vaqtda jamoaning asosiy chap qanot himoyachisi Ferlan Mendi jarohatidan tiklanish davrida. Ayni shu kezlari Alvaroga har qachongidan-da koʻproq ishonishmoqda.

Alvaro Karreras tezkor va kuchli sprintlari bilan qanotdan hujumlarni samarali qoʻllab-quvvatlay oladi. U texnik jihatdan ancha yetuk futbolchi boʻlib, toʻpni xotirjamlik bilan boshqara oladi.

Himoyada raqibni toʻgʻri pozitsiya bilan toʻsib qoʻyish qobiliyati kuchli shakllangan. Bu jihatda u “Real Madrid” afsonasi Marseloni eslatadi. Bir qarashda hujumchi sifatida ham foydali boʻladigan darajada hujumga qoʻshila oladi.

U juda intizomli futbolchi boʻlib, murabbiy koʻrsatmalariga aniq amal qiladi. Toʻp uzatish aniqligi yuqori, hujumni tezda rivojlantirishga yordam beradi.

Bir qarashda yosh boʻlsa-da, oʻyinda katta tajriba toʻplagan. Juda chidamli boʻlib, 90 daqiqa davomida yuqori tempni saqlay oladi. Raqibning yuqori pressingi vaqtida ham toʻpni saqlab qolganiga koʻp bor guvoh boʻlganmiz.

Alvaro birga oʻynayotgan jamoadoshlariga maydonda doimo yordam berishga harakat qiladi. U ham chap qanotda, ham markazda oʻynash qobiliyatiga ega – universalligi bilan ajralib turadi.

Alvaro Karreras “Real Madrid”ga yangi energiya, raqobat va himoyada barqarorlik olib kirishi mumkin.

Din Xuisen (20 yoshda, ispaniyalik markaziy himoyachi)

Yosh futbolchilar bilan shartnoma imzolashdan qoʻrqmaydigan “Real Madrid” bu gal ham yosh futbolchi uchun katta mablagʻ toʻlashga rozi boʻldi. 19 yoshida APLda yorqin oʻynagan Din Xuisen 62,5 million yevroga sotib olindi. Albatta, uning transferini kelajakka investitsiya deb baholash ham toʻgʻri boʻladi.

Ammo oʻtgan vaqt ichida “Qirollik klubi” unga ishonayotgani va hatto Ryudiger, Militao hamda Alaba kabi himoyachilaridan voz kechishga ham tayyorligi haqida xabarlar chiqdi. Yaqin vaqt ichida Xuisen yangi jamoasining asosiy himoyachisiga aylana oladimi, degan savolga ham aniq javob paydo boʻlsa ajab emas.

Himoyadagi barqarorligi

Huysenning asosiy ustunliklaridan biri – oʻyinni oldindan sezish qobiliyati. U raqib hujumchisining qadamini toʻgʻri taxmin qilib, toʻpni toza uslubda tortib olishni biladi. Yosh boʻlishiga qaramay, pressingga bardosh bera olishi uni himoyada ishonchli futbolchiga aylantiradi.

Boʻyi baland boʻlgani sababli, Huysen bosh bilan oʻynashda jamoasi uchun katta yordamchi boʻla oladi. U nafaќat oʻz jarima maydonida xavfni bartaraf etadi, balki standart vaziyatlarda hujumga qoʻshilib, gollar urishga ham qodir.

Zamonaviy futbol markaziy himoyachidan nafaќat kuchli mudofaa, balki hujumni boshlashni ham talab qiladi. Huysen bu borada yaxshi koʻnikmaga ega – toʻpni oyoqda ushlab turish, qisqa va uzoq paslarni aniq berish orqali hujumlarni shakllantirishda faol ishtirok etadi.

U murabbiy koʻrsatmalariga tez moslasha oladi. Koʻp hollarda orqa chiziqda “soʻnggi tayanch nuqta” boʻlib, jamoadoshlarini joylashtirishga ham eʼtibor qaratgani uning yetakchilik fazilatlari shakllanayotganidan dalolat.

Trent Aleksandr-Arnold (26 yoshda, angliyalik oʻng qanot himoyachisi)

Trent yozgi transferlar oynasida amalga oshirilgan eng zoʻr transfer boʻldi, desa mubolagʻa emas. Sababi – uning salohiyatidagi futbolchini 10 million yevro evaziga olish katta yutuq hisoblanadi.

U maydonning istalgan nuqtasidan aniq diagonal pas bera oladi. Burchak va jarima zarbalarini yuqori aniqlik bilan ijro etadi. Ayniqsa, qanotdan uzatgan baland toʻplari hujumchilar uchun xavfli.

Hujumda boʻsh zonaga tezkor uzatma berishi va toʻp bilan oldinga chiqib, raqibni birga-bir vaziyatda yengishi uning kuchli jihatlari.

Trent himoyada ham doimiy ravishda toʻgʻri joylashishga harakat qiladi va raqib bosimida ham toʻpni yoʻqotmaslikka intiladi. Qanot himoyachisi boʻlsa-da, koʻpincha yarim himoyachi kabi oʻyinni tashkil etishda ishtirok etadi. U 90 daqiqa davomida yuqori tempda oʻynay oladi.

Himoyada esa kerakli vaqtda raqibdan toʻpni tortgani va qabul qilgan toʻpni qayta ishlab olish aniqligi yuqori. Shu jihatlardan kelib chiqqan holda Aleksandr-Arnoldda dribling, uzatmalar aniqligi, tezkor qaror qabul qilish va boshqa qator fazilatlar yaxshi rivojlanganini koʻrish mumkin.

Franko Mastantuono (18 yoshda, argentinalik hujumkor yarim himoyachi)

Soʻnggi yillarda “Real Madrid” transfer bozorida oʻziga xos siyosat olib bormoqda: klub nafaќat hozirgi zamon yulduzlariga, balki kelajak uchun eng isteʼdodli futbolchilarga ham katta eʼtibor qaratmoqda. Bu yoʻnalishning yorqin misollari – Vinisius Junior, Rodrigo, Kamavinga, Chuameni, Arda Guler va tez orada ular qatoriga qoʻshilishi kutilgan Endrik. Endi esa bu roʻyxatga argentinalik 18 yoshli super isteʼdod – Franko Mastantuono qoʻshildi.

“Real Madrid” oʻzining soʻnggi transfer strategiyasida ikki yoʻlni uygʻunlashtirmoqda: bir tomondan, hozirgi vaqt uchun tayyor yulduzlar (masalan, Bellingem), ikkinchi tomondan esa kelajak uchun yosh talantlar (Endrik, Arda Guler). Mastantuono transferi ham aynan ikkinchi toifaga kiradi.

Bu strategiyaning maqsadi – kelgusi 5–10-yil ichida “Qirollik klubi”ni nafaќat Yevropa, balki jahon futbolida ham ustun mavqega olib chiqish. Mastantuono kabi futbolchilar bilan “Real Madrid” uzoq muddatda barqarorlik va uzluksiz avlod almashinuvi tizimini yoʻlga qoʻymoqda.

Mastantuono – hujumkor yarim himoyachi sifatida koʻproq maydon markazida va hujum orqasida faoliyat yuritadi. Uning oʻyini bir nechta asosiy jihatlari bilan ajralib turadi:

• Texnika – toʻpni qabul qilish va saqlashda yuqori mahorat;

• Kreativlik – hujum qurishda noodatiy pas va yechim topish qobiliyati;

• Dribling – raqibni birga-bir holatlarda ishonch bilan yengishi;

• Moslashuvchanlik – hujumchi ortida ham, qanotda ham oʻynay olishi.

“Real Madrid”ning bu yilgi imkoniyatlari

Qisqa qilib aytganda, “Real Madrid” bu yil oʻzi qatnashadigan barcha musobaqalarda chempionlik uchun asosiy daʼvogarlardan biri hisoblanadi. Klubga kelgan yangi futbolchilar jamoa oʻyiniga moslasha olsa, ijobiy natijalar ham uzoq kuttirmaydi.

Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер