Yoshlarning boʻsh vaqti — yoshlar yetakchisining ish vaqti

17:08 12 Aprel 2022 Jamiyat
1372 0

Samarqand viloyati Payariq tumanidagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi yoshlar oʻrtasida “Yoshlar ovozi” koʻrik-tanlovining mahalla bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlov davomida yosh oʻgʻil-qizlar oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini, futbol, stol tennisi va shaxmat boʻyicha musobaqalar ham tashkil etildi.

Tumanning Istiqlol mahallasi yoshlar yetakchisi Otamurod Doʻsyorov tashabbusi bilan uyushtirilgan ushbu tadbirlarga 200 nafardan ziyod mahalla yoshlari qamrab olindi.

Tadbirda Payariq tuman hokimi Zafar Ergashev ham qatnashib, tashkil etilayotgan mazkur tadbirning mazmun-mohiyati haqida toʻxtaldi. Shuningdek, musobaqalarda ishtirok etayotgan barcha yoshlarga omad tiladi.

— Sport bilan mashgʻul yoshlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi, — deydi Istiqlol mahallasi yoshlar yetakchisi Otamurod Doʻsyorov. — Sportga boʻlgan qiziqish yoshlarni bir davraga jam qila oladi, ular orasida doʻstlik, hamfikrlik rishtalarini ham mustahkamlaydi. Shu bois mahallamizda doimiy band boʻlmagan, uyushmagan yoshlar bandligini taʼminlash bilan bir qatorda, ularni sport bilan shugʻullanishlari uchun ham ahamiyat qaratmoqdaman. Hozirgi kunda uyushmagan yoshlarning aksariyati futbol, stol tennisi, voleybol va boshqa sport turlari bilan muntazam shugʻullanib kelmoqda.

Tanlov hamda bellashuvlar yakunida gʻolib va sovrindorlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?