Yoshlarni birlashtirgan koʻrik-tanlov

21:44 12 Oktyabr 2021 Madaniyat
669 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq “Abdulla Oripov izdoshlari”, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovlarining tuman-shahar, viloyat va Respublika bosqichlarini tashkil etish belgilangan edi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, Respublika Maʼnaviyat-maʼrifat markazi bilan hamkorlikda koʻrik-tanlovlarning tuman-shahar, viloyat bosqichlari oʻtkazildi.

2021-yilning aprel oyida Respublikamizdagi 206 ta tuman hamda shaharda tanlovlarning birinchi bosqichi tashkil etildi. Mamlakatimizdagi 9 000 ga yaqin maktablar mazkur tanlovlarga jalb qilinib, tanlovning viloyat bosqichiga har bir tuman va shahardan 2 nafar, ijod maktablaridan esa bir nafardan gʻoliblar yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi. Tanlovning viloyat bosqichi may oyining ikkinchi yarmida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarda boʻlib oʻtdi. “Abdulla Oripov izdoshlari” koʻrik-tanlovi boʻyicha bir nafar, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovi boʻyicha bir nafar, ijod maktablaridan ham huddi shunday ikki nafardan, jami Respublika bosqichiga 46 nafar ishtirokchi yetib keldi.

— Bunday koʻrik-tanlovlar mamlakatimiz yoshlariga ruh bagʻishlashi shubhasiz. — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Botirjon Ergashev, — Adabiyotga oshno har bir yosh, har bir qalb yuksaklik marrasiga har kimdan koʻra oldinroq yetib boradi. Chunki, adabiyotga oshufta odamdan yomonlik chiqmaydi. Yaxshilarning yoʻli esa hamisha ochiqdir. Tanlovning respublika bosqichi chindan murosasiz kechdi. Turli viloyatlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar bellashuvlariga guvoh boʻlar ekanmiz, ularning iqtidoriga, gʻay ratiga tan berdik. Bu yoshlarning kelajagi nurafshon ekaniga ishonchimiz komil.

Tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini saralash uchun tanlov komissiyasi tomonidan viktorina savollari toʻplanib, shu orqali ishtirokchilarning bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Tadbir soʻnggida faxrli oʻrin sohiblariga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining qimmatbaho sovgʻalari va diplomlari topshirildi. Shuningdek, tanlov ishtirokchilarining barchasiga uyushma tomonidan chop etilgan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

— Gʻayrat va ilhom bizning kuchimiz, Oʻzbekiston yoshlarining, ijodkorlarining kuchidir. — deydi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchisi Nilufar Ergasheva, — Albatta, bu kuchimizni yurtimiz, xalqimiz yuksalishi yoʻlida safarbar etamiz. Bu tanlovlar bizga mahorat darsi boʻldi, shu bilan birga ijodiy jarayonlarda ustozlardan koʻp narsalar oʻrgandik, doʻstlar orttirdik. Yana bir quvonarli jihati, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan Zomin seminariga ishtirok etish “chipta”sini ham qoʻlga kiritdik.

Aslida bu tanlovda ishtirok etgan barcha oʻquvchilar gʻolibdir. Negaki, ular oʻz bilimi, iqtidori, izlanishini adabiy jamoatchilikka namoyish etishga, oʻz ustida yanada koʻproq ishlash va izlanishga astoydil ahd qilgani diqqatga sazovordir.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?