Yoshlarimiz shashmaqomni tinglashyaptimi?
Bir guruh sanʼatkorlar bilan Buxoro shashmaqomi ijrochisi sifatida xorijiy davlatlarga safarda boʻlganman. Belgiya, Germaniya va Niderlandiya mamlakatlarida milliy mumtoz sanʼatimizni namoyish etganmiz. Oʻshanda bizni hayajonga solgan voqealar koʻp uchragan. Xorijliklar musiqiy chiqishlarimizni nihoyatda katta hayrat-u havas, eʼtibor bilan qabul qilishgan. Bu ilohiy sanʼat bilan taqdirimiz chambarchas bogʻliqligini his qilib, qalblarimiz gʻurur va iftixorga toʻlgandi. Xorijliklarning juda madaniyatli shinavandaligi bizda unutilmas taassurot qoldirgan.
Xoʻsh, shashmaqom sanʼatiga yurtimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarimizning qiziqishi qay darajada? Toʻy va boshqa marosimlarimizda qanday ashula va qoʻshiqlar ijro etilyapti? Mehmon-u mezbon ulardan qanaqangi maʼnaviy ozuqa olmoqda?
Afsuski, bu savollarga ijobiy javob berish qiyin. Toʻgʻri, maqomlarimiz salobatli, jiddiy. Ular oʻta mukammal va murakkab ishlangan. Lekin shunisi ham borki, maqom tinglovchining fikrini charxlaydi, kishini ezgulik sari yetaklaydi, hayotga yengil-yelpi qarashdan asraydi. Qolaversa, maqomlarning hammasi ham mungli, ogʻir emas. Ular orasida chiroyli, ravon, eshituvchiga yaxshi kayfiyat beruvchi Qashqarcha-yu Soqiynomalar, hatto beixtiyor raqsga chorlovchi 2-3 xil ufarlar bilan boyitilganlari bor.
Keyingi yillarda aynan shu jihatlar nazarda tutilib, mamlakatimizda mumtoz milliy sanʼatimizni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida”gi qaror muhim dasturilamal vazifasini oʻtamoqda. Joylarda maqom markazlari faoliyat yurityapti. Shuningdek, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kiruvchilar kvotalarining koʻpaytirilgani, sanʼatning barcha yoʻnalishlariga ijodiy imtihonlar tashkil etilib, haqiqiy isteʼdod egalarining oʻqishga qabul qilinishi oʻz natijalarini beryapti. Yurtimizda Shashmaqomni keng targʻib qilish, yosh isteʼdodlarni kashf etish, mumtoz sanʼatimizdagi eng yaxshi anʼanalarni kelgusi avlodga yetkazish kabi maqsadlar koʻzda tutilgan koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Davlat Konservatoriyasi huzuridagi Sharq musiqasi maqom kafedrasining Yunus Rajabiy nomidagi Milliy maqom institutiga aylanishi, viloyatlardagi oliygohlarining musiqa kafedralarida maqom sanʼatini oʻrganish va oʻrgatish yoʻlga qoʻyilganligi, qolaversa, Buxoro, Xorazm, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida maqom sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning tashkil etilganligi, yurtimiz shahar, tumanlaridagi « Bolalar musiqa va sanat maktabi” larida anʼanaviy cholgʻu va anʼanaviy xonandalik boʻlimlari faoliyat olib borayotganligi bebaho maʼnaviy merosimizga juda katta eʼtiborning belgisidir.
Maqom sanʼatining gultoji boʻlgan “Shashmaqom” YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatda eʼtirof etilgani hamda uning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilganini aytmaysizmi?! Taqdir xalqimizga ravo koʻrgan bu noyob sanʼatdan oʻzni bahramand etmaslik achinarli sanaladi. Shashmaqom har bir xonadon, har bir kishi qalbiga maʼnaviy ozuqa sifatida kirib borishi zarur. Oliy oʻquv yurtlarining musiqa kafedralarida anʼanaviy cholgʻu va anʼanaviy xonandalik yakka darslarini tashkil etish maqsadga muvofiq. Qolaversa, toʻy va boshqa marosimlarda xizmat qilayotgan xonandalarning repertuarlari yaʼni ijro dasturini nazardan oʻtkazish mavridi keldi.
Respublika va viloyatlar teleradiokompaniyalari hamda xususiy televideniyelar orqali efirga uzatilayotgan zamonaviy musiqa dasturlari orasida hech boʻlmaganda bir-ikkita mumtoz kuy-qoʻshiq havola etilsa, asar haqida qisqagina izoh berilsa foydadan xoli boʻlmasdi. Qaniydi, mahalla, taʼlim dargohlarida kichik-kichik maqom kechalari uyushtirilsa, ota-onalar oʻqituvchilar hamkorligida mumtoz musiqa sanʼatimiz haqida yoshlarimiz bilan suhbatlar oʻtkazilsa... Bunday tadbirlar farzandlarimiz ong-u shuurini maʼnaviy jihatdan boyitar, ularni yengil-yelpi, milliy mentalitetimizga yot musiqalardan muhofaza qilishda asqatardi. Buyuk nomoddiy musiqiy merosimizni asrab-avaylab kelajak avlodga bekam-u koʻst yetkazishga barchamiz kamarbasta boʻlmogʻimiz lozim.
Eshpoʻlat ORTIQOV,
Buxoro davlat universiteti Musiqa ijrochiligi
va madaniyati kafedrasi oʻqituvchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring