Yoshlari qoʻllab-quvvatlangan va aholisi salomat yurtda taraqqiyot boʻladi

16:45 29 Dekabr 2020 Jamiyat
1028 0

Yangilanayotgan Oʻzbekiston yangi marralar sari qadam tashlamoqda. Bu qadamlarning qutlugʻ boʻlishi har birimizning shu jonajon yurt taqdiriga daxldorligimizni chuqur his qilishimizga koʻp tomonlama bogʻliq. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini eshitar ekanman, ham deputat ham shifokor sifatida yurt ertasiga, mamlakat taraqqiyotiga daxldorligimni yana bir bor koʻnglimdan oʻtkazdim.

Meni quvontirgan narsa shu boʻldiki, 2021-yil Prezidentimiz tomonidan Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb eʼlon qilindi. Endi bir oʻylab koʻraylik: har bir ota-ona oʻz farzandini oʻqimishli, elu yurtga nafi tegadigan inson boʻlib ulgʻayishini istaydi. Buning uchun esa farzandlarimiz sogʻlom va baquvvat boʻlishi lozim. Prezidentimiz bu muhim masalani davlat siyosati darajasiga koʻtarayotgan ekan, albatta, buning samaralarini yaqin kunlarda sezila boshlaydi.

Prezidentimiz Murojaatnomada kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishni tizimli ravishda davom ettirish muhim vazifaligini alohida aytib oʻtdi. Bu esa har bir tibbiyot tizimi xodimiga, shifokorlarga katta masʼuliyat yuklaydi. Bundan tashqari sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yoʻnaltirilishi ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshiradi.

Keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million nafar, 2022-yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi. Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga ham eʼtibor oshiriladi.

Albatta, Prezidentimiz Murojaatnomasida salomatlikka bu qadar katta ahamiyat berayotganining sabablari ayon. Chunki xalqi salomat mamlakatda taraqqiyot boʻladi, yangilanish boʻladi. Zotan, taraqqiyot aholi salomatligi bilan chambarchas bogʻliqdir.

Mavluda Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?