“Yoshlar uchun bir kun” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi

01:26 16 Fevral 2022 Jamiyat
1599 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi 38-sonli umumtaʼlim maktabida “Besh muhim tashabbus” loyihasi doirasida yoshlar maʼnaviy kamoloti va jismoniy salomatligiga qaratilgan bir qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.

“Yoshlar uchun bir kun” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirlar dasturi Nayman mahallasining yoshlar yetakchisi O. Rustamov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Salomatlik uchun 5000 qadam” marafoni bilan boshlandi. Unda 200 nafardan ortiq yoshlar, maktab oʻqituvchilari va mahalla faollari ishtirok etishdi.

Ertalabki jamoaviy harakatlar koʻtarinkilik bagʻishlagan tadbirning keyingi bosqichida millatimiz tarixi va adabiyotida oʻchmas iz qoldirgan ulugʻ daholar — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bagʻishlangan adabiy-musiqiy dastur namoyish etildi. Ishtirokchilar Navoiy va Bobur gʻazallari asosida tayyorlangan konsert dasturi soʻngida yosh shoir Jontemir Jondor ijodidan namunalar tinglashdi.

Tadbirga tashrif buyurgan tuman hokimi M. Hamdamov bir guruh iqtidorli oʻquvchilarni ragʻbatlantirdi, tuman gazetasining bosh muharriri S. Qurbonov maktabda tashkil etilgan ijodkor yoshlar guruhi aʼzolari bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Oʻlmasbek Samarqandiy esa yigʻilganlarga oʻzining Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat ruhidagi sheʼrlaridan oʻqib berdi.

— Maktabda tashkil etilgan bu tadbir chinakam festivalga aylanib ketdi. — deydi u. — Oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkazilgan “Mehr daraxti” psixologik oʻyini, havaskor rassomlarning ijodiy ishlari namoyishi, sportchi yoshlarning shaxmat-shashka, voleybol, stol tennisi boʻyicha musobaqalari, «Zakovat» bilimdonlar bellashuvi, nazm va navo dasturi, “Shoir haftaligi” mushoira tadbiri, ijodiy uchrashuvlar — bularning barchasini bir kunda oʻtkazish uchun juda katta shijoat kerak, aslida. Darhaqiqat, bu kun maktab jamoasi uchun haqiqiy Yoshlar kuniga aylandi, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Tadbirning eng hayajonli lahzalaridan biri esa Respublika yosh ijodkorlar Kengashi tomonidan maktab kutubxonasiga taqdim etilgan badiiy kitoblarning topshirilishi boʻldi. Bu kabi tadbirlar yoshlarimizda Vatanimiz tarixiga, buyuk ajdodlarimiz merosiga qiziqish uygʻotishi, maʼnaviy va jismoniy kamolot sari yetaklashi shubhasiz.

Muhayyo PIRNAFASOVA,

Paxtachi tumanidagi 38-umumtaʼlim maktabining

ijodiy madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?