Yoshlar parlamenti: parlament va yoshlar oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining yangi tarkibdagi birinchi taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi aʼzolari, uch bosqichli saylovning yakuniy natijalariga koʻra siyosiy partiyalar tomonidan gʻolib deb topilgan 150 nafar yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida yoshlarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishi uchun koʻplab imkoniyatlar, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, yigit-qizlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotir.
Xususan, yangicha shakl hamda mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tizimi yaratildi. Ular bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga samarali tatbiq etilmoqda. Ushbu ezgu ishlar zamirada yosh avlodning orzu istaklarini roʻyobga chiqarish, yoshlar uchun munosib hayot sharoiti yaratish kabi ulkan maqsad mujassam.
Joriy yil 30-aprel kuni mamlakatimiz tarixida umumxalq referendumi orqali ilk bor qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilgani Oʻzbekistonning rivojlanishidagi yangi bosqichida yoshlar alohida oʻrin tutishidan dalolat beradi.
Yoshlarning taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritilgani eʼtiborga molik. Zero, Konstitutsiyadan oʻrin olgan yangi normalar yoshlarning oʻz oldiga qoʻygan murod-maqsadlariga yetishida, ularning kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashga xizmat qiladi.
Yigit-qizlarning siyosiy faolligini oshirish va ularning qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish maqsadida 2020-yilda Parlamentning ikki palatasida alohida Yoshlar parlamentlari tashkil etilib, ularga har tomonlama faol va tashabbuskor yoshlar saylangan edi.
Oʻtgan davr mobaynida ushbu tuzilma yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini yuksaltirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb etish, yangi qabul qilingan qonunlarni yoshlar orasiga targʻib qilish orqali yigit-qizlarning jamiyat hayotidagi daxldorligini kuchaytirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi. Eng muhimi, mamlakatimizning parlamentarizmi sohasida oʻz oʻrnini topdi va tom maʼnoda, parlament va yoshlar oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtamoqda.
Yoshlar parlamenti aʼzoligi uchun oʻtgan navbatdagi saylov ham erkin raqobat muhitida hamda halollik tamoyili asosida, siyosiy partiyalar oʻrtasidagi qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida kechdi. Natijada turli yoʻnalishlarda Vatanga sadoqat bilan ishlayotgan, taʼlim olayotgan, tashabbuskor, qatʼiy hayotiy nuqtayi nazarga, keng dunyoqarash va chuqur bilim hamda liderlik salohiyatiga ega oʻgʻil-qizlar ushbu tuzilmadan joy oldi.
Yigʻilishda soʻz olganlar Yoshlar parlamentining avvalgi chaqiriqdagi aʼzolari faoliyatini ijobiy baholashdi. Jumladan, ular tomonidan Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishida boʻlgan qonun loyihalari yuzasidan jami 97 ta taklif tayyorlanganini, shundan 34 tasi esa qonun loyihalarini takomillashtirish jarayonida inobatga olinganini alohida qayd etishdi.
Shuningdek, oʻtgan chaqiriq davomida yoshlar siyosati yuzasidan qator hokimlik va vazirlik, idoralar mutasaddilarining axborotlari eshitilib, Respublika miqyosida jami 138 ta oʻrganish tadbirlari amalga oshirilgani mamnuniyat bilan tilga olindi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilgan gʻoyat muhim siyosiy tadbir – konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichida Yoshlar parlamenti aʼzolari faol ishtirok etib, yangilangan Konstitutsiya loyihasiga bir qator takliflar berdi.
Birinchi taʼsis yigʻilishida yangi chaqiriqdagi Yoshlar parlamenti oʻz faoliyatini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlarga hamohang tarzda yanada takomillashtirib borishi, intiluvchan, fidoiy, vatanparvar yoshlarimizning siyosiy faolligini taʼminlashga xizmat qiladigan platformaga aylanishi lozimligi taʼkidlandi.
Yangi tarkib oldida yosh avlod manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlamentda muhokama qilish, yoshlarning qonun ijodkorligida ishtirokini taʼminlash, boʻlajak deputatlar, Senat aʼzolari, siyosatshunoslarni tayyorlash va yoshlarni oʻz maqsadlari va loyihalarini amalga oshirish kabi yuksak vazifalar turgani uqtirildi.
Bu yilgi “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” Davlat dasturida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, yoshlarimizning barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishlarini taʼminlashga qaratilgan koʻplab ustuvor vazifalar va maqsadlar belgilangani, ularning hayotga izchil tadbiq etilishida Yoshlar parlamentining oʻz oʻrni boʻlishi lozimligi qayd etildi.
Yigʻilish soʻnggida Yoshlar parlamenti aʼzolariga siyosiy va huquqiy sohada egallagan bilim hamda koʻnikmalari, hayotiy pozitsiyalarini aniq belgilab, parlamentimizning kelajakdagi chinakam vorisiga aylanishiga ishonch bildirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring